Xalqaro elektromobillar karvoni Buxoroda
Bugun dunyoda sayohat nafaqat yangi manzillarni kashf etish, balki xalqlar o‘rtasida do‘stlik, madaniyatlar muloqoti va ekologik mas’uliyatni targ‘ib qilishning eng samarali vositalariga aylanmoqda. Zamonaviy texnologiyalar va qadimiy sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan O‘zbekiston ana shunday nufuzli xalqaro tashabbuslar markaziga aylanib bormoqda. Bu esa mamlakatimizning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyatiga bo‘lgan qiziqish yil sayin ortib borayotganining yana bir yorqin ifodasidir.
Joriy yilning 4-iyul kuni O‘zbekiston bo‘ylab o‘z safarini boshlagan “The Drive of Peace” xalqaro elektromobillar ekspeditsiyasi navbatdagi manzil sifatida Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumaniga tashrif buyurdi. Elektr va gibrid avtomobillarda amalga oshirilayotgan ushbu xalqaro sayohat ekologik toza transport vositalaridan foydalanish g‘oyasini targ‘ib qilish bilan birga, Buyuk Ipak yo‘li merosini zamonaviy nigoh bilan qayta kashf etishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Ekspeditsiyaning asosiy maqsadi turli mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy muloqotni kengaytirish hamda O‘zbekistonning betakror tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik imkoniyatlarini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishdan iborat.
G‘ijduvonga tashrif davomida xorijlik ishtirokchilar tumanning ko‘p asrlik tarixi, milliy qadriyatlari va hunarmandchilik an’analari bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, butun dunyoda yuksak baholanadigan G‘ijduvon kulolchilik maktabi mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi. Avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan noyob sir-asrorlar, nafis naqshlar va yuksak mahorati bilan mashhur bo‘lgan kulolchilik san’ati ekspeditsiya qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Mehmonlar mahalliy ustalarning ijodiy faoliyati bilan tanishib, milliy hunarmandchilik namunalarida xalqimiz tarixi, madaniyati va dunyoqarashi qanday mujassam ekanini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Bu esa sayohatning nafaqat ekologik, balki ma’naviy va madaniy ahamiyatini ham yanada oshirdi.
Loyiha bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, «yashil» texnologiyalarni ommalashtirish, tinchlik va barqaror taraqqiyot g‘oyalarini ilgari surishga xizmat qilayotgan xalqaro tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Shu ma’noda, elektromobillarda amalga oshirilayotgan mazkur ekspeditsiya kelajak avlod uchun ekologik toza hayot tarzini targ‘ib qilishning ham amaliy namunasidir.

Ekspeditsiyaning navbatdagi muhim tadbirlari Buxoro shahrining tarixiy qismida bo‘lib o‘tadi. Ko‘hna va boqiy Buxoroning betakror me’moriy obidalari bag‘rida “Young Marco Polo Dialogue” — “Yosh Marko Polo muloqoti” xalqaro tadbiri tashkil etiladi. Shuningdek, mehmonlar shaharning mashhur tarixiy obidalari, muqaddas ziyoratgohlari va madaniy meros ob’ektlari bilan tanishib, turli madaniy va ma’rifiy dasturlarda ishtirok etadi.
Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan Buxoro asrlar davomida Sharq va G‘arbni bog‘lagan sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib kelgan. Bugun esa u yana bir bor xalqaro muloqot, do‘stlik va hamkorlik maydoniga aylanmoqda. “The Drive of Peace” ekspeditsiyasining Buxoroga tashrifi nafaqat viloyatning boy madaniy merosini, balki O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, sayyohlik salohiyati va «yashil» taraqqiyot yo‘lidagi sa’y-harakatlarini butun dunyoga namoyon etadigan muhim voqea sifatida tarixda qolishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri