O‘rmonga sayohat qiluvchilar nimalarni bilishi kerak? (+video)
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan aholi, ayniqsa dam oluvchilarga tabiat qo‘ynida orom olishning belgilangan me’yorlardan xabardor maqsadida Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligiga press-tur tashkil etildi.
Yozning issiq kunlarida shaharning shovqinlarini tark etib, tabiat qo‘ynida, toza havoda dam olishga nima yetsin. Lekin yovvoyi tabiatga chiqqanda zaharli hasharotlardan, sudralib yuruvchilardan va boshqa yirtqich hayvonlardan ehtiyot bo‘lgan ma’qul. Qolaversa, tog‘u-toshlarda, o‘rmon ichida dam olishning o‘z qonun-qoidalari ham borki, buni bilmasdan katta miqdorda jarimaga ham tortilish mumkin.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan aholi, ayniqsa dam oluvchilarga tabiat qo‘ynida orom olishning belgilangan me’yorlardan xabardor maqsadida Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligiga press-tur tashkil etildi. Tadbirda O‘rmon agentligi mas’ullari, mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

- Bizning o‘rmon xo‘jaligi yerlarida dam oluvchilar qoraqurtdan ayniqsa ehtiyot bo‘lishlari kerak, - deydi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi bosh o‘rmonbegi Mo‘minmirza Rahimov. - Ushbu hasharot odam tanasidan o‘tib ketganda ham kuchli zaharlanishi mumkin. Inson falaj holga kelib qoladi. Tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa o‘lim holatiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga zaharli ilonlar ham bor. Ilon chaqqanda shu joy kesib olinib, zaharli qonni surib tashlash kerak. Yovvoyi to‘ng‘iz va ayiqlar ham insonlarga hujum qilishi mumkin. Shuning uchun o‘rmon qo‘ynida dam oluvchilar doimo hushyor bo‘lishlari talab etiladi. Dam oluvchilardan yana bir iltimosimiz bor. O‘rmon hududida olov yoqib, uni tarqab ketishining oldini olishlari kerak. Bu borada ko‘plab targ‘ibot ishlarini olib oramiz. Otda bizga belgilangan hududda doimiy nazorat qilamiz. Yong‘in xavfi mavsumida, ya’ni o‘rmonda qor qatlami ketgan paytdan boshlab barqaror yomg‘irli kuz ob-havosi kelgungacha yoki qor qatlami paydo bo‘lgan davrgacha ignabargli daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan joylarda, eski quyuqlarda, o‘rmonning ziyon yetkazilgan uchastkalarida, o‘rmonning kesilgan daraxt qoldiqlari va tayyorlangan yog‘och-taxta qoldirilgan daraxt kesilayotgan uchastkalarida, o‘tlar qurigan joylarda, shuningdek daraxtlar shox-butoqlari ostida gulxan yoqish taqiqlanadi. Agar shunday holat bo‘layotgan bo‘lsa, jarima qo‘llaniladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi 1947-yilda tashkil topgan bo‘lib, uning umumiy yer maydoni qariyb 380 ming gektardan iborat. Shundan o‘rmon bilan qoplangan maydon 80 ming gektardan ortiq, madaniy o‘rmonlar qariyb 3 ming 800 gektar, tutashmagan o‘rmonlar qariyb 3 ming 880 gektar, ko‘chatxona va niholxonalar 55 gektardan ko‘proq. Xo‘jalik Chotqol, Pskom, Sijjak, Sargardon, Xumson, Oqbuloq, Chakak, Burchmulla, Qorong‘uto‘qay, Aygaing va Jo‘rakbau bo‘limlaridan tashkil topgan. Hududda Chakak, Ozodbosh hamda Yusufxona kabi ko‘chatxona va niholxonalar mavjud.
Tadbir davomida ishtirokchilar xo‘jalik tomonidan barpo etilgan himoya o‘rmonlari, manzarali daraxtzorlar, mavjud ko‘chatxona va niholxonalarda sifatli urug‘dan yuqori navli ko‘chat yetishtirishgacha bo‘lgan jarayonlar bilan tanishishdi.
Ko‘chatxonalarda: Qrim qarag‘ayi, archa (mojjevennik), sharq tuyasi, kashtan, dub, lipa, yasen, klyon, terak, qayrog‘och, yapon saforasi, grek yong‘og‘i, bodom, na’matak, olma, o‘rik, olxo‘ri va olcha kabi 25 xil mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari parvarish qilinadi. E’tiborlisi, ular shu yerda yetishtirib, keyinchalik poytaxtimiz va respublikamizning boshqa diqqatga sazovor joylarida, yo‘l bo‘ylarida hududlarni yashillikka burkab, havoni musaffo qiladi, ko‘zni quvnatib go‘zal manzara hosil qiladi.
Ta’kidlash joizki, Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi G‘arbiy Tyan-Shan hududining oltita tog‘ tizmalarini qamrab oladi. Hududda 1 ming 800 ga yaqin o‘simlik turi mavjud bo‘lib, 80 dan ortig‘i O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitob”iga kiritilgan. Qolaversa, xo‘jalik hududida hayvonot dunyosining 230 ga yaqin turlari yashaydi. Shundan 32 ta turi O‘zbekiston va Xalqaro “Qizil kitob”larga kiritilgan. Ahamiyatlisi, Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi hududidan Chotqol, Koksu, Pskom va Ugom daryolari oqib tushib, Chirchiq daryosini hosil qiladi. Bu daryo Toshkent shahri va viloyatini ichimlik suvi bilan ta’minlaydi.
Press-tur davomida OAV vakillariga o‘rmon xo‘jaliklarini yuritish tartiblari, maxsus texnikalar, yong‘inlarning oldini olish, xodimlarning vazifalari va qilingan ishlar bilan batafsil tanishtirildi. Ular mutaxassislardan shu yerning o‘zida qiziqtirgan barcha savollariga aniq javob oldilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TlD8UCKj23M" title="O‘rmonga sayohat qiluvchilar nimalarni bilishi kerak?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA