Samarqanddagi yirik forum oldidan
Bugun Markaziy Osiyo xalqaro institutida Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo tahlil markazlari birinchi forumi bo‘lib o‘tdi. Ikki mintaqa yetakchi ekspertlari, siyosatchilari, biznes vakillari hamda ilmiy doira vakillarini birlashtirgan ushbu yig‘in Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti oldidan tashkil qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov bugungi kunda transformatsiya davrini boshdan kechirayotgan Markaziy Osiyo global jarayonning faol ishtirokchisiga aylanganiga e’tibor qaratdi. Shu nuqtai nazardan YeI bilan strategik hamkorlik yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi mintaqalarimiz o‘rtasidagi hamkorlik umuminsoniy qadriyatlar va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq manfaatlarga asoslangan.
[gallery-22343]
O‘z navbatida, MOXI direktori Javlon Vahobov bugungi kunda jadal rivojlanayotgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar chuqur strategik muloqot asosida shakllanganini ta’kidladi.
YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprayts tomonlar sheriklikning suv resurslari, xavfsizlik va strategik muhim xom ashyo sohalarida sezilarli taraqqiyotga erishganiga urg‘u berdi. Ayniqsa yuqori darajadagi uchrashuvlar ko‘lami kengayib borayotgani ikki va ko‘p tomonlama aloqalar ahamiyatini yanada oshirayotgani qayd etildi.
Umuman, davra suhbati ishtirokchilarga batafsil fikr almashish, umumiy yechimlar ishlab chiqish orqali muloqotni mustahkamlash uchun qulay maydon yaratish imkonini berdi.
Musulmon Ziyo, Nosirjon Xaydarov (surat), O‘zA