Samarqand – “yashil” taraqqiyotning yangi markazimi?
Global iqlim o‘zgarishi, ekologik xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalasi jahon hamjamiyati kun tartibidagi eng dolzarb mavzulardan biriga aylanib ulgurdi. Bu borada davlatlarning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish va atrof-muhit muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Global ekologik jamg‘armaning sakkizinchi assambleyasi doirasida ilgari surilgan qator tashabbuslar ham O‘zbekistonning ekologik siyosatda yangi bosqichga o‘tayotganini namoyon etdi.
O‘zA muxbiri mazkur tashabbuslarning mazmun-mohiyati, Samarqandning “yashil” taraqqiyot markaziga aylanish istiqbollari va bu jarayonning iqtisodiy ahamiyati xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdullo Aslonov hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Muhsinjon Xolmuxamedov bilan suhbatlashdi.
– Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti” deb e’lon qilish tashabbusining ahamiyati nimada?
Abdullo Aslonov:

– Bu tashabbusni strategik ahamiyatga ega muhim qadam sifatida baholash mumkin. Chunki bugun ekologik barqarorlik va “yashil” iqtisodiyot davlatlar raqobatbardoshligining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda.
Samarqand nafaqat tarixiy va madaniy markaz, balki investitsiya va innovatsiya uchun ham ulkan salohiyatga ega shahar. Uni “yashil” taraqqiyot markaziga aylantirish orqali mamlakatimiz xalqaro moliya institutlari va investorlar uchun yanada jozibador maydonga aylanadi.
Eng muhimi, bu tashabbus butun Markaziy Osiyo uchun ham muhim ahamiyatga ega. Chunki iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va ekologik xavfsizlik kabi muammolar mintaqaning barcha davlatlariga daxldor.
– Samarqandni pilot “yashil hudud” sifatida rivojlantirish rejasi haqida fikringiz qanday?
Muhsinjon Xolmuxamedov:

– Bugun dunyoda shaharlarni ekologik barqarorlik asosida qayta shakllantirish tendensiyasi kuchaymoqda. Samarqand ham bu jarayonning muhim ishtirokchisiga aylanishi mumkin.
Jamoat transportini ekologik toza texnologiyalarga o‘tkazish, energiya tejamkor infratuzilmalarni kengaytirish, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish va yashil hududlar maydonini oshirish kabi loyihalar shaharning ekologik qiyofasini tubdan o‘zgartirishi mumkin.
Bu tajriba keyinchalik O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ham qo‘llanilishi ehtimoli yuqori. Shu ma’noda Samarqand ekologik modernizatsiya bo‘yicha o‘ziga xos tajriba maydoni vazifasini bajaradi.
– Ulug‘bek nomidagi Barqaror rivojlanish ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish tashabbusi qanday ahamiyat kasb etadi?
Muhsinjon Xolmuxamedov:
– Bu qaror tarix va zamonaviy taraqqiyotning uyg‘un namunasidir. Mirzo Ulug‘bek o‘z davrida Samarqandni jahon ilm-fani markazlaridan biriga aylantirgan bo‘lsa, bugun shahar barqaror rivojlanish va iqlim tadqiqotlari sohasida xalqaro ilmiy markazga aylanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan institut xalqaro olimlar va ekspertlarni jalb qilishga xizmat qiladi.
Bu nafaqat ilm-fan rivojiga, balki Samarqandning intellektual nufuzini oshirishga ham katta hissa qo‘shadi.
– “Yashil” tashabbuslar mamlakat iqtisodiyoti va investitsion jozibadorligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Abdullo Aslonov:
– Bugun xalqaro investorlar ekologik standartlarga javob beradigan loyihalarga katta qiziqish bildirmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya, suvni tejash texnologiyalari, “yashil” qurilish va ekologik innovatsiyalar eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Samarqandning mintaqaviy “yashil” investitsiyalar markaziga aylanishi mazkur sohalarga yirik sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatini kengaytiradi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsion bizneslarni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, “yashil” iqtisodiyot kelajak iqtisodiyoti ekanini ham unutmasligimiz kerak.
– Iqlim o‘zgarishi va gidrometeorologiya milliy markazini tashkil etish tashabbusi haqida nima deyish mumkin?
Muhsinjon Xolmuxamedov:
– Bu markaz iqlim prognozi, gidrometeorologik kuzatuv, erta ogohlantirish tizimi va issiqxona gazlari monitoringini yagona platformaga birlashtirishi bilan ahamiyatli.
Ayniqsa, iqlim xavflari ortib borayotgan hozirgi sharoitda bunday markazning ahamiyati juda katta. U qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, energetika va shaharsozlik sohalarida ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish imkoniyatini kengaytiradi.
– Sizningcha, Samarqand yaqin kelajakda Markaziy Osiyoning “yashil” markaziga aylana oladimi?
Abdullo Aslonov:
– Menimcha, buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Samarqandning boy tarixiy merosi, xalqaro nufuzi va iqtisodiy salohiyati mazkur tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Muhsinjon Xolmuxamedov:
– Eng muhimi, bugun aniq strategiya va kuchli siyosiy iroda shakllangan. Agar belgilangan maqsadlar izchil amalga oshirilsa, Samarqand nafaqat O‘zbekistonning, balki butun Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanish bo‘yicha yetakchi shahriga aylanishi mumkin.
D.Hakimov, O‘zA