O‘zbekiston va Gonkong strategik iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda
Bugun, 5-iyun kuni O‘zbekiston anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gonkong Maxsus Ma’muriy Hududi Hukumati hamda Gonkong biznes hamjamiyati vakillari o‘rtasida davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Xitoy Xalq Respublikasi Syangan (Gonkong) maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Li Szyachao boshchiligida o‘tgan davra suhbatida ikki mamlakat Yetakchilarining Oliy darajada erishgan kelishuvlari natijasida sanoat, energetika, infratuzilma, transport, kimyo, qishloq xo‘jaligi va yuqori texnologiyalar sohalarida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik va jadal rivojlanayotgan bozor sifatida xorijiy investorlar uchun yuqori daromad keltiruvchi va xavfsiz investitsiya makoniga aylandi.
Mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, hamkorlikni moliya va investitsiyalar, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, tog‘-kon sanoati, agrar, transport va logistika, energetika, farmatsevtika singari qator yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Tadbir yakunida imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dildora Do‘stmatova, O‘zA