Markaziy Osiyo – Gonkong: ko‘p tarmoqli hamkorlik rivojlanmoqda
Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududi rahbari Jon Li boshchiligidagi biznes delegatsiyasi Markaziy Osiyo bo‘ylab tashrifi doirasida Toshkent shahriga keldi. 4–5-iyun kunlari davom etadigan tashrif chog‘ida delegatsiya a’zolari O‘zbekistonning davlat va biznes doiralari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazadi.
Gonkong Savdoni rivojlantirish kengashi (HKTDC) tomonidan tashkil etilgan tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish hamda yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi rahbariyati bilan uchrashib, mamlakatning investitsiya muhiti, iqtisodiy islohotlari va biznes yuritish imkoniyatlari bilan tanishdi.
O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida ziyofat ham tashkil etildi. Unda so‘zga chiqqan HKTDC raisi professor Frederik Ma Markaziy Osiyoga amalga oshirilgan mazkur tashrif muhim natija berganini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi jadal rivojlanayotgan bozorlar bilan hamkorlikni kengaytirishda Gonkong xalqaro moliyaviy va biznes markazi sifatida muhim ko‘prik vazifasini bajarmoqda.
– Gonkong o‘zining xalqaro nufuzi, mustahkam institutsional tizimi va jahon darajasidagi professional xizmatlari orqali nafaqat Xitoy kompaniyalarining tashqi bozorlarga chiqishi, balki xorijiy kompaniyalarning Xitoy bozoriga kirishi uchun ham samarali platforma hisoblanadi, – dedi professor Frederik Ma.
Delegatsiya tarkibidan Gonkongning 70 nafar biznes yetakchisi hamda Xitoyning 17 ta provinsiya va shahri vakillari o‘rin olgan. Ular moliya, logistika, transport, innovatsiya, texnologiya, “yashil” iqtisodiyot, savdo va media sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar rahbarlaridir.
Shuningdek, delegatsiya tarkibiga ilk bor jurnalistlar uyushmasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ham kiritildi. Bu tashabbus Gonkong media sohasining xalqaro aloqalarini kengaytirishga qaratilgan dastur doirasida amalga oshirildi.
Ma’lumot uchun, Gonkong Savdoni rivojlantirish kengashi joriy yil o‘zining 60 yilligini nishonlamoqda. 1966-yilda tashkil etilgan mazkur tuzilma bugungi kunda dunyoning 50 dan ortiq nuqtasida, jumladan Xitoyda 13 ta vakolatxonasiga ega bo‘lib, xalqaro ko‘rgazma, konferensiya va biznes missiyalarini tashkil etish orqali kompaniyalarni yangi bozorga olib chiqishga ko‘maklashib kelmoqda.
Dilshod Hakimov,
Sarvar O‘rmonov (surat),
O‘zA