Samarqand – nufuzli anjuman mezboni
Samarqand shahrida 1-3-oktabr kunlari BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi bo‘lib o‘tadi.
Samarqand shahrida 1-3-oktabr kunlari BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi bo‘lib o‘tadi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2014-yil 1-avgustdagi farmoyishiga muvofiq tashkil etilayotgan ushbu anjumanda Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika hamda Afrika qit’alaridan ko‘plab olimlar, nufuzli xalqaro sayyohlik tashkilotlari rahbar va vakillari, ilmiy markazlar va institutlar mutaxassislari, ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Mamlakatimiz sayyohlik sohasida ulkan salohiyatga ega. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu salohiyatdan samarali foydalanish, mamlakatimizda turizm sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizning go‘zal tabiati, muqaddas qadamjolari, noyob me’moriy obidalari va fayzli go‘shalari dunyo sayyohlarini tobora o‘ziga rom etmoqda. Mamlakatimizdagi mustahkam tinchlik va barqarorlik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhiti, dunyoga mashhur o‘zbekona mehmondo‘stlik, shuningdek, zamonaviy mehmonxonalar va dam olish maskanlari, yuksak sifatli xizmat ularning mazmunli hordiq chiqarishi uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda sayyohlikning ekoturizm, geoturizm, ekstremal, tibbiy va madaniy yo‘nalishlari, otda, tuyada, avtomobilda sayohat qilish, alpinizm, baliq ovi, rafting kabi ko‘plab turlari rivojlanmoqda. To‘qqiz yuzdan ziyod sayyohlik korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yangi sayyohlik marshrutlari ishlab chiqilayotgani, xalqaro va mahalliy aeroportlar, transport kommunikatsiyalari barpo etilayotgani O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar safining muttasil kengayishi, ichki turizmning rivojlanishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va aholi farovonligining izchil oshishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Jahon sayyohlik tashkilotiga (YuNVTO) 1993-yilda a’zo bo‘lgan. Samarqandda mazkur tashkilotning Buyuk ipak yo‘lida sayyohlikni rivojlantirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha mintaqaviy ofisi faoliyat yuritmoqda. YuNVTOning 2011-yil oktabr oyida Janubiy Koreyada o‘tgan Bosh assambleyasida O‘zbekiston Respublikasi ikkinchi marta BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashi a’zosi etib saylandi. Bu maqomga dunyoning kam sonli davlatlari sazovor bo‘lgan. Mamlakatimizning ushbu tashkilotga a’zoligi doirasida va xalqaro maydonda tarixiy-madaniy merosimizni ommalashtirish, shuningdek, turizm industriyasini rivojlantirish maqsadida 2014-yilning oktabr oyida Samarqandda YuNVTO Ijroiya kengashining 99-sessiyasini o‘tkazish haqida qaror qabul qilindi. Bu xalqaro maydonda O‘zbekiston obro‘sining tobora oshib borayotganidan va mamlakatimizning ulkan sayyohlik salohiyati jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilayotganidan yorqin dalolatdir.
O‘zbekiston sayyohlik ko‘lami va tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakat qatorida turadi. Mamlakatimizda to‘rt mingdan ziyod tarixiy va madaniy yodgorlik bor. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi Samarqand shahrida o‘tkazilishi bejiz emas. Zotan, haqli ravishda “Er yuzining sayqali”, “Sharq gavhari” deb ataladigan qadimiy va hamisha navqiron ushbu shahar azaldan jahonning ilm-fan, savdo va hunarmandchilik markazi bo‘lib kelgan. O‘tgan yillar mobaynida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida shaharda keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Registon, Amir Temur, Ruhobod maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Hazrati Xizr va Bibixonim masjidlari, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi rekonstruksiya qilindi. Ular atrofida ko‘rkam bog‘ va xiyobonlar barpo etildi. Nafaqat xalqimiz, balki butun insoniyat boyligi hisoblangan ushbu yodgorliklar 2001-yili YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.
Aholi bandligini ta’minlash va shahar iqtisodiyotini mustahkamlashda Samarqandning boy sayyohlik imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Bugungi kunda bu yerda yuzdan ziyod sayyohlik firmasi va yuzga yaqin mehmonxona faoliyat ko‘rsatayotir.
Xalqaro anjuman jahon jamoatchiligini mamlakatimizning sayyohlik borasidagi ulkan salohiyati bilan keng tanishtirish, xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qiladi. Sessiya dunyoning yetakchi ekspertlariga jahon sayyohlik bozorining bugungi ahvoli va istiqbollari xususida tajriba almashish, bu boradagi yangi tendensiyalar, dolzarb sayyohlik muammolarini muhokama qilish, yangi imkoniyatlarni namoyish etish imkonini beradi.
Tadbir doirasida mamlakatimizga sayyohlarni yanada kengroq jalb qilish borasida chet ellik mutaxassislar bilan o‘zaro fikr va mulohaza almashiladi, hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Anjumanda ko‘p asrlik qadimiy va betakror shaharlarimizning boy tarixiy va madaniy merosi, yurtimizning fusunkor tabiati va turizm infratuzilmasi haqida hikoya qiluvchi film va video-roliklar namoyish etiladi. Sessiya qatnashchilari Samarqand va Buxoro shaharlaridagi tarixiy, ilmiy va madaniy obidalar, istiqlol yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishadi.
BMT Jahon sayyohlik tashkilotining internet tarmog‘idagi www.unwto.org manzilida mazkur xalqaro anjuman haqida maxsus sahifa ochilgan.