Samarqand – jahon sayyohlik markazi
Samarqand shahrida 1-3-oktabr kunlari BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan mazkur xalqaro anjumanga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Samarqand shahrida 1-3-oktabr kunlari BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan mazkur xalqaro anjumanga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi Samarqand mintaqaviy bo‘limi boshqaruvchisi Ilhom Suvonov tadbirga tayyorgarlik jarayonlari hamda viloyatda turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida quyidagilarni gapirib berdi:– Dunyoda sayyohlik salohiyati yuqori va jadal rivojlanayotgan davlatlar ko‘p emas. Chunki mazkur soha faoliyatini yo‘lga qo‘yib, sayyohlarni mamlakatga jalb qilish, ularga yuqori sifatli servis xizmati ko‘rsatish oson emas. Buning bir qator talablari, xalqaro standartlar bor. Avvalo, mamlakatda tinchlik-osoyishtalik ta’minlangani, hududning tabiiy iqlim sharoiti, tarixiy-madaniy obidalaru butun insoniyatning boyligi bo‘lgan osori-atiqalar, qadriyat va an’analarning mavjudligi kabi jihatlar e’tiborga olinadi. Shu nuqtai nazardan bugungi kunda O‘zbekiston jahon sayyohligining yirik markazlaridan biriga aylanib, dunyoda yurtimizga qiziqish tobora ortib borayotgani bejiz emas. Mamlakatimiz sayyohlik ko‘lami va tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n davlat qatorida turadi. Bunday boy madaniy meros Samarqandda juda ko‘p. 2001-yilda Samarqand shahri va uning hududidagi ko‘plab madaniy obyektlar YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Yaqinda Samarqand jahondagi borib ko‘rish shart bo‘lgan ellikta shahar qatorida qayd etildi.
Bu e’tirof Prezidentimiz rahnamoligida ajdodlarimizdan meros tarixiy-madaniy obidalarni asrab-avaylash, shahar va qishloqlarimizni obod etish, turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasidir. Bu masalaga mustaqillikning dastlabki yillaridan alohida e’tibor qaratildi. Turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqildi va kichik mehmonxonalar, sayyohlik firmalari tashkil etildi. Bundan yigirma yil oldin Samarqandda barmoq bilan sanarli mehmonxona va sayyohlik firmalari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugun viloyatda to‘qsonga yaqin mehmonxona, oltmishdan ortiq sayyohlik firmalari mavjud. Ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar salmog‘i va sifati yil sayin oshib bormoqda. Joriy yil boshidan buyon yuz mingga yaqin xorijlik va ellik mingdan ortiq mahalliy sayyohlarga xizmat ko‘rsatildi. O‘ndan ziyod sayyohlik firmalari ichki turizm bilan shug‘ullanib, yurtimiz bo‘ylab sayohatlar tashkil etmoqda.
Viloyatda turizmni rivojlantirishning 2016-yilgacha bo‘lgan hududiy manzilli dasturi ishlab chiqildi. Dasturda viloyatda turistik resurslardan oqilona foydalanish, ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini ko‘paytirish va sifatini zamon talablariga moslashtirish, foydalanilmayotgan yangi turistik imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Sayyohlikning ekologik, sog‘lomlashtirish, agro va faol turlarini rivojlantirish, ichki turizmni qo‘llab-quvvatlash, soha uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu asosda yirik savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari, milliy va zamonaviy restoran va choyxonalar, turli ko‘ngilochar maskanlar qurilmoqda. Turistik salohiyati katta bo‘lgan Urgut, Samarqand, Jomboy, Paxtachi va boshqa tumanlarda yangi sayyohlik yo‘nalishlari ochilmoqda. Shu maqsadda Urgut tumanidagi Yuqori chinor ziyoratgohi, Taxtiqoracha dovoni atrofi va Mingarcha dam olish maskani, Samarqand tumanining Ohalik va Mironko‘l qishloqlari hududi, Nurobod tumanining Oqsoy qishlog‘idagi Hazrati Dovud ziyoratgohi va Nurbuloq qishlog‘idagi “Nurbuloq” sanatoriysi atrofi, Jomboy tumanidagi “Zarafshon” qo‘riqxonasi, Paxtachi tumanidagi Dobusiya qal’asi atrofida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu maskanlarda sayyohlik uchun zamonaviy infratuzilma yaratilmoqda.
Yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar samarasida sayyohlik firmalarimiz chet eldan turistik klassdagi o‘ndan ziyod zamonaviy avtobus xarid qildi. Bu sayyohlarga yuqori darajada transport xizmati ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Dasturga ko‘ra, sayyohlik mavsumidan tashqari vaqtda ham viloyatga turistlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida “Samarqand nonlari”, “Samarqand hunarmandlari”, “Milliy taomlar” va “Sharq shirinliklari” ko‘rgazmalari, milliy folklor guruhlari festivallarini doimiy ravishda o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Registon majmuasidagi Tillakori madrasasida Respublika “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasining doimiy ishlaydigan xalq amaliy san’ati asarlari va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Turistlar ko‘proq keladigan tarixiy obidalar va boshqa obyektlarda ma’lumotlar joylashtirilgan stendlar, Samarqand xalqaro aeroporti va temiryo‘l vokzalida turistik-ekskursion xarita o‘rnatildi. 2015-yildan boshlab viloyatdagi barcha sayyohlik obyektlarida shunday stendlar va sayyohlik yo‘l ko‘rsatkichlari hamda Samarqand viloyatining turistik-ekskursion xaritasi o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash, xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Samarqand davlat chet tillar instituti hamda Sartepa turizm va maishiy xizmat kasb-hunar kollejida soha uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha viloyatdagi sayyohlik firma va kompaniyalari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Talabalar va o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyoti mazkur tashkilotlarda o‘tkazilmoqda. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi o‘quv konsalting markazi va viloyat muzeylar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan gidlar tayyorlash markazida ham soha uchun malakali ekskursovod kadrlar tayyorlanmoqda.
Samarqandda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xalqaro anjuman qatnashchilarini kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, viloyat bo‘ylab sayohatlar tashkil etish, transport xizmati ko‘rsatish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha barcha tashkiliy ishlar qilinmoqda. Sessiya o‘tadigan “Forumlar majmuasi”da barcha zallar, xonalar tayyorlandi.
Qisqacha aytganda, xalqaro anjumanni yuksak darajada o‘tkazish uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan.