Romitan sayilgohi aholi xizmatida
Buxoro viloyati Romitan tumani “Afrosiyob” mahallasida “Romitan sayilgohi” savdo va ko‘ngilochar xizmat ko‘rsatish ko‘chasi tashkil etildi.
– bugungi kunda xizmat ko‘rsatish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda turizm sanoati rivojlanmoqda, aksariyat mamlakatlarda, jumladan, eng rivojlangan mamlakatlarda ham butun sa’y-harakatlar ushbu sohalarni rivojlantirishga qaratilmoqda, – deydi ochilish marosimida Romitan tumani hokimi Umidjon Barnoyev. – Davlat rahbarining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori orqali xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishning aniq yo‘nalishlari va vazifalari belgilab berilgan edi. Shundan kelib chiqib Buxoro viloyati Romitan tumanida joriy yilda xizmat ko‘rsatish hajmi 984,2 milliard so‘mga yetkazildi. Qaror asosida Romitan tumani “Afrosiyob” mahallasida 24 soat ishlaydigan “Romitan sayilgohi” savdo va ko‘ngilochar xizmat ko‘rsatish ko‘chasi tashkil etildi. Loyihaning umumiy qiymati 15,3 milliard so‘m. Mazkur sayilgohda 65 ta xizmat ko‘rsatish loyihalarini to‘liq ishga tushishi orqali 132 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, sayilgoh atrofidagi 14 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham qayta ta’mirlandi.
Tumandagi yetti pirning ikkitasi ya’ni “Xoja Ali Romitaniy” hamda “Muhammad Boboi Samosiy” ziyoratgohlari, qadimiy arxeologik yodgorlik, ilk o‘rta asrlar tarixining nodir durdonasi hisoblangan “Bo‘rontepa” qo‘rg‘oni hududida faoliyat yuritayotgan “Bukhara Desert Oasis & Spa” innovatsion turizm klasteri turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yangicha shaharsozlik andozalari asosida bunyod etilgan “Romitan sayilgohi” savdo va ko‘ngilochar ko‘chasining ochilishi ham tumanda ichki va tashqi turizmni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA