Iqtidorli yoshlar –yurt kelajagi
Mamlakatimizda iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z iqtidorlarini to‘laqonli namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Buning natijasida yuksak marralarni zabt etayotgan yoshlar safi yildan-yilga ortib bormoqda.
Andijon tumani Poloson mahallasida yashovchi Rayyona Ibrohimova ham ana shunday yoshlardan biridir.
Yaqinda Germaniyaning Quyi Saksoniya o‘lkasi markazi Gettingen shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon nemis tili olimpiadasida birinchi o‘rinni egallab, oltin medal bilan taqdirlangan Rayyona Ibrohimova bilimda o‘zbek yoshlari dunyodagi hech bir davlat yoshlaridan kam emasligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Mazkur olimpiada Germaniyaning Gyote instituti tomonidan har ikki yilda bir marta 14 – 17 yoshli o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazib kelinadi. Joriy yil iyul oyida tashkil etilgan navbatdagi olimpiadada dunyoning 62 mamlakatidan 106 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Olimpiadaning oltin medali sohibasi Rayyona Ibrohimova Andijon shahridagi 4- umumta’lim maktabining 10- sinfida tahsil oladi. Nafaqat nemis tili, balki barcha fanlardan faqat a’lo baholarga o‘qiydi, turli tadbirlarda faol ishtirok etadi, ayniqsa, juda ko‘p kitob o‘qiydi.
–Rayyona bolaligidan hamma narsaga qiziquvchan bo‘lib ulg‘aygan, – deydi onasi Irodaxon Jo‘rayeva. – Ayniqsa, ona tili va adabiyoti, nemis tili fanlariga o‘zgacha mehr qo‘ygan, arab tilini o‘rgangan. Fan olimpiadalari, turli tanlovlarda faol qatnashib keladi.
Rayyonaning ilm o‘rganishga ishtiyoqi va intilishi yuqori bo‘lishida albatta, ota-onasi –– Andijon shahridagi 4- umumta’lim maktabi ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Irodaxon hamda dadasi, bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi Nodirbekning xizmatlari katta. Ular qizlarini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlashdi, puxta bilim olishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishdi. Natijada u ko‘plab tanlovlarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Ustozi, oliy toifali nemis tili o‘qituvchisi Muqaddasxon Kosimova o‘quvchisidagi iqtidor, salohiyat va intilishni ko‘rib, u bilan alohida shug‘ullandi. Ustozidan nemis tilini puxta o‘rgangan Rayyona o‘tgan yili Germaniya elchixonasi tomonidan o‘quvchi- yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Nemis tilida ifodali o‘qish” tanlovida qatnashib, respublikada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
[gallery-18725]
–Germaniyada Gyote institutining yozgi oromgohi doirasida o‘tkazilgan Butunjahon nemis tili olimpiadasi Rayyonaning bilimlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi, – deydi ustozi Muqaddasxon Qosimova. – Tanlov ishtirokchilari uchta shart bo‘yicha bellashdi. Ya’ni ular birinchi shart yozma ish, ikkinchi shart shaxsiy taqdimot va uchinchi shart jamoaviy taqdimot bo‘yicha o‘zlarining bilim, iqtidor va salohiyatini namoyish etdi. Hakamlar hay’ati nafaqat o‘quvchilarning bilimini, balki ularning kreativligi, erkin fikrlashi, jamoa ishida qay darajada faol ekanligi jihatlariga alohida e’tibor qaratdi. Rayyona g‘olib sifatida e’lon qilinganda ko‘zlarimdan quvonch yoshlari oqdi. O‘zbek qizi, mening o‘quvchim xalqaro olimpiadada g‘olib bo‘lganligidan qalbim faxrga to‘ldi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda barcha sohalarda yoshlarning o‘qishi, bilim olishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, ilmiy-tadqiqotlar olib borishi, umuman, o‘z iqtidorlarini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, Rayyona o‘qiyotgan, hozir 3 ming 700 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olayotgan Andijon shahridagi 4- umumta’lim maktabida ham o‘quvchilarning puxta bilim olishi uchun barcha sharoit mavjud.
Maktabda xorijiy til sifatida ingliz va nemis tillari o‘qitiladi. Xorijiy tillar xonalari zarur jihozlar, adabiyotlar, ko‘rgazmali qurollar bilan ta’minlangan. Shu bois ham xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro sertifikat sohibiga aylangan o‘quvchilar ko‘p. Masalan, Rayyona Ibrohimova nemis tili bo‘yicha xalqaro Gyote sertifikati sohibi bo‘lgan. Hozir u ona tili bo‘yicha milliy sertifikat olish harakatida.
–Butunjahon nemis tili olimpiadasida erishgan yutug‘im mustaqilligimizning o‘ttiz uch yilligiga mening tuhfam, – deydi Rayyona Ibrohimova. – Biz yoshlarga mana shunday keng imkoniyatlar yaratib berayotgan Yurtboshimizga rahmatlar aytaman. Vatanimga, Yurtboshimga munosib farzand bo‘lishga harakat qilaman. Kelajakda tarjimon bo‘lib, yurtim ravnaqiga munosib hissa qo‘shaman.
Ulkan yutuqni qo‘lga kiritgan Rayyona O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Andijon viloyati, shahar hokimliklari tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Nufuzli xalqaro olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etgan Rayyona kelgusida bundan-da ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritadi. Chunki uning qalbida o‘ziga ishonch, ertangi kunga umid bor. Eng asosiysi, uning ortida yoshlarni qo‘llab turguvchi ona Vatani – O‘zbekiston turibdi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri