Qurilish korxonalarining soliq qarzi 2,8 trillion so‘mdan oshdi
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatda soliq qarzi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan 1 ming 494 ta qurilish korxonasi mavjud. Ularning davlat byudjeti oldidagi jami qarzi 2,8 trillion so‘mni tashkil etgan.
Tahlillarga ko‘ra, mazkur qarzning 1,1 trillion so‘mi yoki 38,2 foizi soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan 10 ta yirik qurilish korxonasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa soliq qarzdorligining katta qismi oz sonli yirik sub’ektlar hisobiga shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Soliq qarzdorligi eng yuqori qayd etilgan hududlar Toshkent shahri — 880,5 milliard so‘m, Toshkent viloyati esa 447,3 milliard so‘m, Andijon viloyati 253,4 milliard so‘mni tashkil etgan. Ushbu uch hudud hissasiga umumiy qarzdorlikning salmoqli qismi to‘g‘ri kelmoqda. Bu, avvalo, mazkur hududlarda qurilish tashkilotlari soni va yirik investitsiya loyihalari ko‘pligi bilan izohlanadi.
Qurilish sohasi iqtisodiyotning drayver tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, mazkur tarmoqda soliq qarzdorligining yuqori darajada saqlanib qolayotgani ayrim korxonalarda moliyaviy intizom va pul oqimini boshqarish bilan bog‘liq muammolar mavjudligini anglatadi.
Soliq qarzdorligining ortishi davlat byudjeti tushumlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, infratuzilma va ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklashi mumkin. Shu bois, qurilish sohasida hisob-kitob intizomini mustahkamlash, raqamli nazorat mexanizmlarini kengaytirish va soliq majburiyatlarining o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Qayd etilishicha, qurilish tarmog‘ida moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va qarzdorlikni qisqartirish sohaning barqaror rivojlanishi hamda davlat byudjeti daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA