O‘zbekistonda 14 ta xalqaro moliya institutiga so‘mda obligatsiya chiqarishga ruxsat berildi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi milliy valyutada obligatsiyalar chiqarish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro moliya institutlari ro‘yxatini tasdiqladi.
Mazkur ro‘yxat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF–26-son «Uy-joy va ipoteka bozorlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan hamda 2025-yil 11-avgustda 3660-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan nizom asosida shakllantirildi.
Tasdiqlangan ro‘yxatdan 14 ta xalqaro moliya instituti o‘rin olgan. Ular orasida Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa yirik xalqaro moliya institutlari bor.
Ushbu qaror xalqaro moliya institutlarining mamlakat kapital bozoridagi ishtirokini kengaytirish, milliy valyutadagi moliyaviy instrumentlar bozorini rivojlantirish va iqtisodiyotga uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA