Jizzaxning eksportbop salohiyati
Jizzax viloyatida oziq-ovqat sanoatini izchil rivojlantirish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat zanjirini kengaytirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga qaratilgan ishlar iqtisodiyotning ushbu tarmog‘ida yuqori sur’atlarni ta’minlamoqda. Yangi quvvatlarni ishga tushirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va agrologistika infratuzilmasini takomillashtirish hududning sanoat salohiyatini yanada mustahkamlayotir.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida mamlakatimizda yirik sanoat korxonalari tomonidan 57,2 trillion so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,9 foizga o‘sganini anglatadi. Jizzax viloyati hissasiga esa ushbu davrda 1,6 trillion so‘mlik mahsulot to‘g‘ri keldi. Mazkur ko‘rsatkichlar hududda oziq-ovqat sanoati barqaror rivojlanayotgani, qayta ishlash tarmoqlarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va ishlab chiqarish quvvatlarining samaradorligi tobora ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Bugun viloyatda meva-sabzavot, poliz ekinlari, don, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ularda mahalliy xomashyoni yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa ichki bozorni raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash barobarida eksport hajmi hamda uning geografiyasini kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratayotir.

Sharof Rashidov tumanida faoliyat yuritayotgan BMB-NRC Agrologistics agrologistika majmuasi ana shunday infratuzilma ob’ektlaridan biri hisoblanadi. Majmua dehqon va fermerlar yetishtirgan mahsulotlarni saralash, saqlash, qadoqlash va tashqi bozorlarga yetkazib berishning zamonaviy tizimini shakllantirib, mahsulot yo‘qotilishini kamaytirish, uning raqobatbardoshligini oshirish hamda eksportbop mahsulotlar ulushini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda. Bu esa qo‘shimcha qiymat yaratish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va hudud iqtisodiyotining eksport salohiyatini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mahsulot sifati va xavfsizligi ustidan nazoratni xalqaro talablar asosida tashkil etish, qayta ishlash zanjirini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar yanada yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-mayda qabul qilingan “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida mazkur sohalarda yagona boshqaruv tizimi shakllantirilib, “daladan dasturxongacha” tamoyili bo‘yicha mahsulot xavfsizligini ta’minlash, nazoratning xavf-xatar tahliliga asoslangan zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, eksportbop mahsulotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi. Mazkur islohotlar hududlarda qayta ishlash korxonalari faoliyati samaradorligini oshirish, eksport jarayonlarini soddalashtirish hamda mahsulot sifatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Jizzax viloyatida sarmoyalarni keng jalb qilish, qayta ishlash sanoati quvvatlarini oshirish, eksportbop mahsulotlar turini ko‘paytirish va zamonaviy agrologistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar izchil davom ettirilmoqda. Bu jarayonlar hududning mamlakat oziq-ovqat sanoatidagi o‘rnini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi bilan sanoat o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini izchil oshirishga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilishning yagona zanjirini shakllantirish, zamonaviy agrologistika infratuzilmasini kengaytirish hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish yaqin yillarda Jizzax viloyatida ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish, eksport salohiyatini yuksaltirish va aholi bandligini ta’minlashning muhim drayverlaridan biri bo‘lib qoladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri