“Qo‘shma ta’lim” dasturi yo‘lga qo‘yiladi
Vengriya Xalq Respublikasi “Arch Energ” klasteri rahbariyatining taklifiga binoan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali direktori Farrux Muxtorov boshchiligidagi delegatsiya Vengriyaning Seged va Budapesht shaharlarida bo‘lib, “Arch Energ” klasteri, Seged, Loran va Budapesht universitetlari faoliyati bilan tanishdilar.
Uchrashuv mobaynida “Arch Energ” klasteri bilan hamkorlik shartnomasi talablarini amalga oshirish, yashil energiya sohasida klaster a’zoligi infratuzilmasini rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya markazlarini shakllantirish doirasida bir qator kelishuvlarga erishildi. Rasmiy uchrashuv so‘nggida “Arch Energ” klasteri prezidenti doktor Biro Istvan va filial direktori F.Muxtorov o‘rtasida memorandum imzolandi.
Shuningdek, Vengriyaning Seged shahrida joylashgan “Arch Energ” xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalari va qurilish sanoati innovatsiyalar klasteri bilan o‘zaro tajriba almashdilar.
Vengriya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan qiziqarli suhbat o‘tkazildi. Vatandosh talabalarning o‘qishlari, ularning yashash sharoitlari, muammolari va qiziqishlari bilan tanishdilar.
Obuda universiteti rektori, professor Dr. Levente Kovachs bilan uchrashuvda o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi. Endi ilmiy tadqiqotchilarning ikki tomonlama “Doubl degree” dissertatsiya himoyalarini tashkil etish, professor-o‘qituvchilarni ilmiy stajirovkalarga yuborish, o‘qituvchi va talabalar o‘rtasida akademik almashinuv dasturlarini joriy etish, o‘zaro hamkorlikdagi 2+2, 1+1 formatida “Qo‘shma ta’lim” dasturini tashkil etishga oid masalalar yuzasidan memorandum imzolandi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri