“Yashil makon” loyihasi doirasida hududlar iqlim sharoitiga mos daraxtlarni ko‘paytirish rejalashtirilgan. Xususan, o‘tgan yillar shuni ko‘rsatdiki, Buxoroda eng ma’qul ko‘chat bu qayrag‘ochdir. Joriy yilgi kuz-qish mavsumida 15 milliondan ortiq ko‘chat o‘tqazish reja qilingan bo‘lsa, shundan 10 millionga yaqini ushbu turga mansub bo‘lishi reja qilingan.
Ushbu daraxt o‘ta chidamli bo‘lib, Buxoro sharoitida yuz yildan ortiq umr ko‘radi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qayrag‘ochlar oilasiga mansub ushbu daraxt joy tanlamaydi va chuqur ildiz otib sho‘rlangan yerlarda ham o‘sa oladi. Shu bois, qadimdan ajdodlarimiz o‘zlari bunyod etgan qadim obidalar atrofida aynan qayrag‘och daraxtini ko‘paytirgan.
– Sadaqayrag‘och yoki qayrag‘och bu ko‘p yillik daraxt bo‘lib, asosan bo‘yi 10-20 metrga yetadi, – deydi Buxoro Davlat universiteti dotsenti Rashid Rahmonov. – Bu qadimdan ham o‘zining sekin o‘sishi, bundan tashqari poyasining mustahkam bo‘lishi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, bu o‘simlik sho‘rga, suvsizlikka chidamliligi, shakli sharsimon bo‘lganligi uchun quyosh nuridan o‘zini ildizini to‘sib yashovchanligini ortishi bilan alohida ajralib turadi. Shuningdek, qum ko‘chkilarining oldini olish, shamol yo‘lini to‘sish, tuproqni eroziyadan asrashdan tashqari, iqlimni mo‘’tadil saqlashda qo‘l keladi. Ayniqsa, yozning jaziramasida quyuq soya berib, oftobning tangadek nurini ham o‘tkazmaydi.
[gallery-20241]
– Nihoyatda barglarining ko‘p bo‘lishi atmosfera havosini kislorodga boyitadi. Eng muhimi kasalliklarga chidamli. Gujum daraxti ildizi va urug‘idan ko‘payadi. U sadaqayrag‘och, ya’ni qoramon daraxtiga payvand qilinsa, sizot suvlariga chidamliligi yanada mustahkamlanadi, umri esa uzayadi. Ayniqsa, uning payvandlash orqali yaratilgan chinni gujum navi go‘zal ko‘rinishi bilan ham ajralib turadi, – deydi Buxoro Davlat universiteti dotsenti Rashid Rahmonov.
Hozirda Buxoro chinni gujumini qo‘shni Qashqadaryo, Xorazm, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng tatbiq qilish ishlari davom etmoqda. Birgina Qashqadaryoning suvsiz va sho‘rlangan hududlari uchun sada qayrag‘ochning kurtaklaridan olinib, 50 ming dona payvand qilish rejalashtirilgan.
Buxoro iqlimida ham manzarali ham foydaliligi bilan chinni gujumlarni o‘tqazish ishlari olib borilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda viloyatda 10 million tupdan ziyod shu turdagi ko‘chatlar zaxirasi yaratilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.