Yillik litsenziya yig‘imlari elektr energiyasi tariflarining oshishiga sabab bo‘lmaydi
Bu haqda Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi axborot xizmati ma’lum qildi. Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 27-apreldagi 203-son qarori bilan elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya uchun yillik davriy yig‘im stavkalari tasdiqlandi.
Ushbu hujjat “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-fevraldagi 91-son qarori asosida qabul qilinib, sohada litsenziyalash tizimini takomillashtirish, bozorni samarali tartibga solish va zamonaviy monitoring hamda nazorat mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.
Ma’lumki, mamlakatimizda elektr energetikasi sohasida raqobatli bozor munosabatlarini shakllantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va savdo qilish sohalarida raqobat muhitini rivojlantirish, bozor ishtirokchilari uchun teng va shaffof shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xalqaro tajribada ham elektr energetikasi sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar tomonidan yillik litsenziya yig‘imlarini to‘lash amaliyoti keng qo‘llaniladi. Bunday tizim Turkiya, Gruziya, Buyuk Britaniya, Kanada va Janubiy Afrika Respublikasi kabi davlatlarda amalda bo‘lib, bozorni samarali tartibga solish, shaffoflikni ta’minlash va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shu asosda O‘zbekistonda ham elektr energetikasi sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, litsenziyalash jarayonlarini raqamlashtirish, bozor ishtirokchilari faoliyatini monitoring qilish va tahlil etish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida yillik davriy litsenziya yig‘imlari joriy etilmoqda.
Qarorga muvofiq, mazkur yig‘imlar elektr energiyasini ishlab chiqarish, saqlash, uzatish, taqsimlash, elektr ta’minoti, markaziy xarid qiluvchi hamda elektr energiyasi savdosi kabi faoliyat turlariga tatbiq etiladi.
Muhimi, ushbu litsenziya yig‘imlari elektr energiyasi tariflarining oshishiga sabab bo‘lmaydi. Chunki, yig‘imlar miqdori elektr energetikasi korxonalarining umumiy yillik aylanmasiga nisbatan o‘rtacha 0,1 foizni tashkil etadi va tarmoq ishtirokchilari uchun sezilarli moliyaviy yuklama yaratmaydi.
Xalqaro amaliyot tahlillari ham bu kabi yig‘imlar ko‘plab davlatlarda qo‘llanilishini ko‘rsatadi. Masalan, Gruziyada litsenziya yig‘imi kompaniya yillik aylanmasining 0,3 foizini, Buyuk Britaniyada tarifning 1,56 foizini, Kanadada esa tartibga solinadigan daromadning 0,1 foizini tashkil etadi. O‘zbekistondagi ko‘rsatkich esa o‘rtacha 0,1 foiz atrofida bo‘lib, xalqaro amaliyotga nisbatan ancha past hisoblanadi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur tizim elektr energetikasi bozorini yanada samarali tartibga solish, litsenziyalash jarayonlarini raqamlashtirish, monitoring va nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda bozor ishtirokchilari uchun shaffof va barqaror muhit yaratadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA