Mutaxassis: xantavirus global pandemiyani yuzaga keltirmaydi
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning ayrim mamlakatlarida xantavirus infeksiyasi tarqalayotgani haqida turli xabarlar e’lon qilinmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimizda xantavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror, kasallanish holatlari qayd etilmagan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan virusologik monitoring ishlari muntazam olib borilmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, yurtdoshlarimizga bir nechta profilaktik choralarga amal qilish tavsiya etilmoqda.
Jumladan, mutaxassis shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, yashash va ish joylari ozodaligiga e’tibor qaratish, oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz saqlash, meva va sabzavotlarni iste’mol qilishdan avval yaxshilab yuvish, kemiruvchilar chiqindilarini supurishdan avval namlab tozalash, omborxona va yopiq xonalarni muntazam shamollatish lozimligini ta’kidladi.
– Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bu infeksiya koronavirus kabi tez tarqalish xususiyatiga ega emas hamda mutaxassislarning fikricha, global pandemiyani yuzaga keltirmaydi.
Xantavirusning Yer yuzida 20 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning faqat ayrimlarigina odamlarda xastalik keltirib chiqarishi mumkin. Agar ushbu infeksiyaning dunyo bo‘ylab tarqalish geografiyasiga e’tibor bersak, Osiyo va Yevropa davlatlarida ancha kam uchraydi. Uning ba’zi turlari, asosan, Argentina, Chili, Braziliya kabi Lotin Amerikasi mamlakatlarida kuzatiladi.
Xantavirus ko‘pincha kemiruvchilar orasida uchraydigan virusli xastalik bo‘lib, odamlarga kam hollarda yuqadi. Infeksiya, odatda, bunday jonivorlarning peshobi, axlati yoki so‘lagi bilan ifloslangan narsalar, chang hamda oziq-ovqat mahsulotlari orqali insonga o‘tishi mumkin. Ayrim hollarda zararlangan muhitda uzoq vaqt bo‘lish yoki kemiruvchilar bilan yaqin va muntazam kontaktda bo‘lish ham virus yuqish xavfini oshiradi.
Mazkur kasallik ko‘p hollarda tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, mushak va qorin sohasida og‘riq kabi klinik belgilar bilan kechishi mumkin. Uning og‘ir shaklida buyrak yetishmovchiligi hamda yurak-qon tomir va nafas olish tizimi bilan bog‘liq xavfli asoratlar kuzatiladi.
Afsuski, dunyoda xantavirusga qarshi maxsus vaksina ishlab chiqilmagan. Buning uchun tegishli davolash protokoli ham mavjud emas. Muolaja, asosan, simptomatik, ya’ni bemordagi belgilarga qarab olib boriladi, – deydi N.Otabekov.
SSV matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni barqaror saqlash hamda chetdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini olish maqsadida 53 ta chegara punktida doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA