Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi Namangan” shaharchasi loyihasi bilan tanishdi.
Mazkur loyiha uchun Davlatobod tumanining Yuksalish hamda To‘raqo‘rg‘on tumanining Yettikon mahallalari hududidan 1 ming 371 gektar yer ajratilgan. U yerda 410 ta ko‘p qavatli uy, 7 ta maktab, 4 ta bolalar bog‘chasi, shuningdek, ko‘plab infratuzilma inshootlari barpo etilishi rejalashtirilgan.
Bu boradagi ishlar allaqachon boshlangan bo‘lib, Yuksalish mahallasidagi bunyodkorlik uning birinchi bosqichi hisoblanadi. 2018-2021 yillarda amalga oshirilgan bu bosqich doirasida 71 ta ko‘p qavatli uy qurildi. “Yuksalish”, “Yoshlar” va “Kushon” kichik sanoat zonalari tashkil etildi. Joriy yil oxirigacha yana 11 ta uy bunyod etiladi.
Loyihaning ikkinchi bosqichi 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan. Bu bo‘yicha Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi tomonidan bosh reja ishlab chiqilgan.
Davlatimiz rahbariga mazkur bosh reja haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, ikkinchi bosqichda 30 ming xonadondan iborat 16 va 24 qavatli uylar, maktab va bog‘chalar, shifoxona, sport majmualari, masjid, kutubxona, IT-park, mehmonxona, biznes markazi, savdo va servis ob’ektlari qad rostlaydi.
Shuningdek, 95 gektar yerda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev mazkur bog‘ loyihasi taqdimoti bilan ham tanishdi.
2022 yilda qurib bitkaziladigan majmuada Namangan ramzi bo‘lgan gullar bog‘i, sun’iy ko‘l, favvoralar, 1 ming 500 o‘rinli amfiteatr, avtoturargoh, savdo shoxobchalari tashkil etiladi.
Loyihaning 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan uchinchi bosqichi ham bor. Mazkur “aqlli” shaharcha to‘liq qurib bitkazilganda aholiga shu yerning o‘zida yashashi, ishlashi va dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Natijada 2026 yilga borib Namangan bir million aholi istiqomat qiladigan yirik shaharga aylanadi.