Polvonlarimiz “O‘zbek botirlari” Gran-pri turnirini ikkita oltin medal bilan yakunladi
Namangan shahrida sport kurashlari bo‘yicha an’anaviy “O‘zbek botirlari” Gran-pri turniri o‘z yakuniga yetdi.
Musobaqaning erkin kurash bo‘yicha so‘nggi kungi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari ikki vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Xususan, -74 kg. vaznda Begijon Qo‘ldoshev, -97 kg. vaznda esa Sherzod Poyonov barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medal sohibiga aylandi.

Shuningdek, hamyurtlarimiz Nurmuhammad Haydaraliyev (-65 kg), Bobur Islomov (-86 kg), Ismail Kartoyev (-97 kg) va Sardor Xolmatov (-125 kg) kumush medallarni qo‘lga kiritdi.

Bronza medallari esa Avaz A’zamov, Sanjarbek Anvarbekov, Fazliddin Nasriddinov, Javohir Cho‘liboyev, Sadriddin Daminjonov, Maqsud Veysalov va Otabek Nazirboyev hisobiga yozildi.
Shu tariqa, erkin kurash bahslarida O‘zbekiston vakillari 2 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza, jami 13 ta medal bilan musobaqani yakunladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA