Polvonlarimiz Osiyo chempionatini 14 ta medal bilan yakunladi
Vetnamning Da Nang shahrida sport kurashlari bo‘yicha U23 yosh toifasidagi Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi.
Musobaqaning erkin kurash bo‘yicha bahslarida hamyurtlarimizdan -97 kg. vazn toifasida Sherzod Poyonov finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etib, musobaqani kumush medal bilan yakunlagan bo‘lsa, -70 kg. vazndagi povlonimiz Shahzodbek Yarashev va vazni 74 kilogrammgacha bo‘lgan kurashchilar o‘rtasida Fazliddin Nasriddinov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Shu tariqa, erkin kurash bo‘yicha terma jamoamiz musobaqani 1 kumush va 2 bronza medal bilan yakunladi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, bu galgi qit’a birinchiligi Rustam Assakalov boshchiligidagi termamiz uchun omadli bo‘ldi. Yunon-rum kurashchilarimiz chempionatni 4 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan 189 ochko jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunladi.
Chempionatning ayollar kurashi bahslarida vakillarimiz 1 tadan oltin va kumush hamda 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA