Pensiya insonning o‘z kelajagi, keksalik davri uchun mehnati evaziga kiritgan investitsiyasidir. Shu bois, pensiya ta’minoti, nafaqalar tayinlash bilan bog‘liq har qanday yangilik va o‘zgarish aholi uchun hamisha qiziq va dolzarb mavzudir.
Bugun aholi turmush darajasini yaxshilash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida bir qator chora– tadbirlar amaliyotga keng tadbiq etilmoqda.
Ijtimoiy himoya tizimida joriy etilayotgan yangiliklar yuzasidan Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Nozimjon Jo‘rayev quyidagilarni ma’lum qildi.
- Taraqqiyot strategiyasining ijtimoiy himoya yo‘nalishida pensiya va nafaqalar miqdorini muntazam ravishda oshirib borish ko‘zda tutilgan, - deydi N.Jo‘rayev. - bugungi kundagi global ahamiyatga ega bo‘lgan masalalardan biri ijtimoiy himoyadir. Joriy yil uchun davlat byudjeti loyihasiga ko‘ra, ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqalar miqdorini va ayrim xizmat turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlarga 11,7 trillion so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Sohada o‘zgarishlar talaygina. Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 apreldagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2022 yil 1 maydan yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirildi.
Shuningdek, 1 iyundan keyingi davr uchun jismoniy shaxs tomonidan mehnatga haq to‘lash tarzidagi o‘z daromadlaridan ishlamaydigan turmush o‘rtog‘i uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lagan davr ish stajiga qo‘shib hisoblanish tartibi yo‘lga qo‘yildi. 2005 yil 1 yanvardan avvalgi davrlar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi (elektron mehnat daftarchasidagi) mavjud yozuvlar asosida qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi.
Bugun sohadagi yillar davomida o‘z yechimini kutib yotgan muammolar barham topmoqda.
Yangi qonunlar bilan kiritilayotgan o‘zgarishlar sabab endilikda kimgadir adashib ko‘proq pensiya to‘lab kelingan bo‘lsa, buni qaytarish talab qilinmaydi. Amalda pensioner vafot topgunga qadar o‘tgan kunlari uchun to‘lanardi. Bugun pensioner vafot etgan oy uchun olinmay qolgan pensiya puli ko‘rsatib o‘tilgan oila a’zolariga u vafot etgan oy uchun to‘liq to‘lash tartibi joriy etildi.
2022 yil 1 maydan boshlab barcha turdagi davlat pensiyalarini, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan to‘lanadigan nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni hamda kam ta’minlangan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam pulini bank kartalari orqali oluvchilarga har oylik pensiya va nafaqa pulining 1%i miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilinadi.
Joriy yil oktyabrdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalar hamda parvarishlash nafaqasi fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlarni talab etmagan holda “proaktiv shakl”da tayinlanadi.
Pensiya va nafaqalar 12 foizga oshirildi. Eng kam pensiya oladigan 725 ming nafar aholining pensiyasi 14 foizga oshirilib, 440 ming so‘mdan 500 ming so‘mga yetkazildi. Shuningdek, 9 may arafasida urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida bo‘lgan fuqarolarga 15 million so‘mdan beriladigan bo‘ldi.
Shu bilan birga, 1 iyundan boshlab urush qatnashchilari va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarga har oyda oziq-ovqat va gigiyena vositalari xaridi uchun ularning pensiya va nafaqalariga 270 ming so‘m miqdorida ustama tayinlanadi hamda urush qatnashchilari va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarga har oyda oziq-ovqat va gigiyena vositalari xaridi uchun ularning pensiya va nafaqalariga 270 ming so‘m miqdorida ustama tayinlanadi.
Amaliyotga tadbiq etilayotgan hujjatlarga ko‘ra, bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqtining hammasi jamlanganda ko‘pi bilan 6 yillik davrni ish stajiga qo‘shib hisoblash ko‘zda tutilmoqda. Ilgari bu davr 3 yil edi. Qonunchilik hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish maqsadida ushbu norma bir vaqtning o‘zida Mehnat kodeksida ham o‘z aksini topmoqda.
Qonunda birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki 18 yoshgacha bo‘lgan (oldin 16 yosh edi) nogironligi bor bolaga, shuningdek (davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra), o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi belgilab berildi.
Yana alohida ta’kidlab o‘tishim lozimki, MDH mamlakatlarining deyarli barchasida boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi 18 yoshgacha, o‘qisa, 23 yoshgacha to‘lanadi. Endi bu amaliyot yurtimizda ham joriy etilmoqda. Bu esa qanchadan-qancha yoshlarga hayotda munosib o‘rnini topish imkonini beradi.
Ko‘pchilikni qiziqtirgan yana bir muhim ma’lumotni aytib o‘tmoqchiman. Pensionerlar uchun ham ajratiladigan kreditlar mavjud. Ular Xalq bankining ta’minotsiz pensiya-overdraft kreditidan foydalanishi mumkin.
Kredit summasi nafaqa/pensiya miqdorining 50 foizigacha, ammo 735 ming so‘mgacha (BHMning 3 barobarigacha) belgilangan. Pensionerlar mazkur kredit turini 12 oy muddatga qadar yillik 14 foiz stavkada, shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasini taqdim etib olishlari mumkin. Shuningdek, ularda tijoriy kreditdan (mikroqarz, iste’mol krediti, avtokredit, ipoteka krediti) foydalanish imkoniyati mavjud. Bunday takliflarni, ya’ni pensiya yoshiga to‘lgan fuqarolarga iste’mol krediti, avtokredit va ipoteka kreditlarini ajratish bo‘yicha ko‘plab xususiy tijorat banklari taqdim etishlari mumkin.
Bunda asosiy talab qarzdor va birgalikda qarz oluvchilarning oylik daromadlari kredit bo‘yicha to‘lovlarni to‘lashda yetarli, qarz yuki 50-70 foizdan oshib ketmasligi hamda ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lishi zarur. Ba’zi xususiy banklar qarz yuki 50-70 foizdan oshib ketganda, birgalikda qarz oluvchi yoki kafilning daromadlari bo‘yicha hujjatlarni talab etishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA