Parasport: inson qadri yuksalmoqda
Yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, parasportni rivojlantirish orqali imkoniyati cheklangan insonlarning jismoniy salomatligini mustahkamlash, ruhiy barqarorligini oshirish hamda ularda g‘alabaga intilish tuyg‘usini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda Qorako‘l tumanida 5846 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro istiqomat qiladi. Shundan 584 nafariga tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra parasport bilan muntazam shug‘ullanish tavsiya etilgan. Mazkur yo‘nalishda tuman sport bo‘limi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, Qorako‘l erkaklar “Muruvvat” uyida hozirgi kunda 5 ta sport to‘garagi faoliyat yuritmoqda. Ularda para dzyudo, para shaxmat, shashka hamda para stol tennisi kabi yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar tashkil etilgan. Ayni paytda 228 nafar imkoniyati cheklangan fuqaro ushbu to‘garaklarda doimiy ravishda qatnashib, o‘zining jismoniy imkoniyatlari bilan bir qatorda irodasi va ishonchini ham mustahkamlamoqda.

E’tiborlisi, joriy yil yakuniga qadar to‘garaklar sonini 8 taga yetkazish, ishtirokchilar sonini esa ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan. Bu esa tumanda parasport qamrovini yanada kengaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot sifati va ijtimoiy faolligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda Qorako‘l tumanida “Besh tashabbus paralimpiadasi” musobaqasi ham yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbir nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning jamiyatdagi o‘rni va faolligini mustahkamlash, sport orqali ijtimoiy integratsiyasini ta’minlashga qaratildi.
Musobaqalar doirasida shaxmat, shashka, stol tennisi, yengil atletika va boshqa sport turlari bo‘yicha qizg‘in bahslar bo‘lib o‘tdi. Har bir ishtirokchi o‘z mahorati, sabr-toqati va g‘alabaga bo‘lgan qat’iy intilishini namoyon etdi.
Xulosa qilib aytganda, parasport nafaqat jismoniy tarbiya vositasi, balki inson qalbida ishonch, hayotga muhabbat va kelajakka umid uyg‘otuvchi muhim sohadir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.