"Aichi–Nagoya–2026": O‘zbekiston parasporti tarixidagi eng yuqori cho‘qqi
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida nufuzli musobaqa – V Paraosiyo o‘yinlari nihoyasiga yetdi. Ushbu yirik sport anjumanida qit’amizning 45 ta mamlakati vakillari 18 ta sport turi bo‘yicha murosasiz bahs olib bordi.
Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 11 ta sport turi bo‘yicha mahorat ko‘rsatdi. Parasportchilarimiz 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza, jami 145 ta medalni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, bu O‘zbekiston delegatsiyasining Paraosiyo o‘yinlari tarixidagi eng yaxshi va rekord ko‘rsatkichi bo‘ldi.
Ushbu yuksak zafar xalqimizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlashi muqarrar. Bu muvaffaqiyat mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalo, inson va uning manfaatlariga xizmat qilayotganini, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning millati, dini, irqi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, huquq va erkinliklari to‘la ta’minlanayotganini yaqqol namoyon etdi.
Yurtimizda xalqimizning tinch-osuda, farovon va baxtli hayot kechirishi, ezgu maqsadlarini ro‘yobga chiqarishi, buyuk kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlarimizning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanib, o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar va zarur sharoitlar yaratilgan.

Bu jarayonda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, salomatligini mustahkamlash va sport bilan shug‘ullanishiga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda.
Hayot sinovlarini mardonavor yengib, ko‘zlagan maqsadi sari dadil qadam tashlaydigan, irodasi mustahkam, sabr-toqat va matonat bobida ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ladigan bunday insonlarning sa’y-harakatlari va erishayotgan natijalari har qancha tahsinga loyiq.
“Paraosiyo–2026” musobaqalarida O‘zbekiston sportchilarining shijoati va g‘alabaga bo‘lgan yuksak ishonchi ular erishgan natijalarda yorqin aks etdi. Matonatli vakillarimiz Vatan sharafini himoya qilish va uning obro‘-e’tiborini yuksaltirishdek ezgu maqsad hamda farzandlik burchini chin dildan ado etdilar.
Sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, tajriba va mahoratini oshirib, Paraosiyo o‘yinlarida munosib qatnashishi uchun barcha shart-sharoit muhayyo qilindi.

Yaponiyada o‘tgan mazkur nufuzli musobaqada qirqdan ziyod mamlakatdan faqat 31 tasining sportchilari shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, shundan 22 davlat vakillarigina oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, bor-yo‘g‘i 7 ta davlat vakillarining jami medallar soni 100 tadan ortdi.
Ular orasida esa O‘zbekiston delegatsiyasi 45 ta oltin jamg‘arib, yuqori pog‘onalardan joy oldi. Bu natija va yutuqlar mamlakatimizda sportni rivojlantirish borasida davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor, iste’dod sohiblari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganining amaliy samarasidir.
Sportchilarimizning para yengil atletika bahslarida erishgan natijalari alohida tahsinga loyiq. Ushbu sport turi bo‘yicha nafaqat qit’amizda, balki jahonda yetakchilardan biri sifatida e’tirof etiladigan vakillarimiz 20 ta oltin, 21 ta kumush va 23 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, bu e’tirof bejiz emasligini yana bir bor isbotladilar.



V Paraosiyo o‘yinlari yakunida sportchilar tomonidan 81 ta Osiyo va 27 ta jahon rekordi o‘rnatildi. "Ayti–Nagoya–2026" Paraosiyo o‘yinlarida jami 108 ta jahon va Osiyo rekordi yangilandi. O‘zbekiston vakillari musobaqa davomida turli sport turlari bo‘yicha jahon, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarining 15 dan ortiq rekordini yangiladilar va yangilarini o‘rnatdilar.
Umuman olganda, O‘zbekiston paralimpiyachilari V Paraosiyo o‘yinlarida o‘z mahorati va matonatini to‘la namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildilar.
Kompleks sport musobaqalarida sportchilarimiz qo‘lga kiritgan medallarni sarhisob qilish, erishilgan natijalarni avvalgi ko‘rsatkichlar bilan qiyoslash doimo muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, bu galgi Paraosiyo o‘yinlarida delegatsiyamiz o‘z tarixidagi eng yuqori natijani qayd etgani o‘tgan musobaqalardagi ishtirokimizga yana bir bor nazar tashlashga undaydi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Paraosiyo o‘yinlaridagi ishtirokiga nazar tashlasak, yillar davomida salmoqli o‘sish dinamikasiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, 2010-yilgi Guanchjou o‘yinlarida terma jamoamiz bor-yo‘g‘i 6 ta (1 oltin, 2 kumush, 3 bronza) medal bilan cheklangan bo‘lsa, 2014-yilda Inchxonda 31 ta (22 oltin, 5 kumush, 4 bronza), 2018-yili Jakartada 70 ta (21 oltin, 24 kumush, 25 bronza) hamda 2022-yilgi Xanchjou musobaqalarida 71 ta (22 oltin, 18 kumush, 31 bronza) medal qo‘lga kiritilgan edi.
V yozgi Paraosiyo o‘yinlari esa delegatsiyamiz uchun alohida sahifa ochdi. Sportchilarimiz 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza (jami 145 ta medal) bilan umumjamoa hisobida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston parasporti tarixidagi eng yuqori natija bo‘lib, sportchilarimizning yuksak mahorati va g‘alabaga bo‘lgan intilishining yorqin ifodasidir.
Umid qilamizki, bu muvaffaqiyatlar kelajakdagi nufuzli musobaqalarda, jumladan, 2028-yili AQSHning Los-Anjeles shahrida o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarida va 2030-yili Qatarning Doha shahrida o‘tkaziladigan VI Paraosiyo o‘yinlarida bundan-da yuksak zafarlarga zamin yaratadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA