So‘z – ekspertlarga
Ikkinchi bor “mansab oti”ga minib, deyarli har kuni g‘ayri oddiy qarori yoki fikri bilan jahon ommaviy axborot vositalari e’tiboridan tushmay kelayotgan Donald Tramp yana diqqatimiz markazida.
Amerika rahbarining ruhiyati, siyosiy qarashi va orzu-istaklarini tahlil qilish maqsadida O‘zA muxbiri siyosatshunoslar Sayfiddin Jurayev va Fazliddin Jamolovga bir necha savol berdi.

– Donald Tramp shaxsiyatining asosiy jihatlari nimalardan iborat?
S.Jo‘rayev:
– Tramp tarixiy shaxs, uning faoliyatida Amerika tarixida birinchi marta kuzatilgan ko‘p faktlar bor. Masalan, Qo‘shma Shtatlar yetakchisi ustidan bir necha marta jinoiy ish ochilgan bo‘lishiga qaramay, u kurashda g‘olib chiqdi. Tabiiyki, saylangandan so‘ng tergov to‘xtab, ayblov butunlay bekor qilindi. Shuningdek, saylov jarayonida unga nisbatan ikki marta suiqasd uyushtirildi. Trampning o‘ziga xos siyosatchi: demokratik partiya yetakchilarini keskin tanqid qilib, siyosiy jarayonni tashkil etish va boshqarishga tadbirkorlik nuqtai nazaridan yondashib, “foyda bormi, bajaramiz” usulini qo‘llab kelmoqda. Bundan tashqari u o‘zini “Amerika amerikaliklar uchun” shiorini “mahkam ushlab olgan” rahbar sifatida namoyon qildi.
F.Jamolov:
– Donald Trampni shaxsiy ambitsiyasi chuqur, mag‘rur va o‘z kuchiga ishonchi bilan ajralib turadigan raxbar sifatida ta’riflagan bo‘lardim. U o‘zini dunyoni yo‘naltiruvchi kuchli shaxs sifatida ko‘radi. Uning hayotga yondashuvi va yetakchilik uslubini sharhlashga harakat qilaman.
– Tramp o‘zini daho hisoblaydi, har doim muvaffaqiyatga erishishiga ishonib yashaydi.
– Ruhiy siymosida ba’zi xususiyatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi: kuchli iroda, sadoqat, moslashuvchanlik. U o‘zini dunyoga maxsus missiya bilan kelgan shaxs, deb biladi.
– Muayyan masalaning ikir-chikirlariga ko‘pam e’tibor bermaydi, yuzaki fikr bildirishi mumkin.
– Avtoritar va sarguzasht talab.
– O‘zini “xalq tanlagan lider” deya ta’riflaydi. Uningcha, aynan shunday shahsgina “amerikaliklar orzu”sini yuzaga chiqarishi mumkin.
– O‘zini xalqaro darajadagi kuchli shaxslar bilan o‘zaro hurmat asosida muloqot qiluvchi shaxs sifatida ko‘radi.
– Tramp kuchli yetakchilarni qadrlaydi: Putin, Si Szinpin, Netanyaxu, Erdog‘an, Kim Chen In kabi shaxslarni ijobiy ma’noda eslaydi. Ular bilan shaxsiy aloqa o‘rnatishga intiladi.
– Trampning siyosiy qarashi konservativmi yo progressiv?
F.Jamolov:
– Trampning siyosiy qarashi asosan konservativ tamoyillarga asoslangan:
– An’anaviy qadriyatlarning faol himoyachisi;
– Globalizm, liberal demokratiya va ko‘p tomonlama diplomatiyani qoralaydi;
– Liberal kuchlar, Demokratik partiya, Yevropa Ittifoqi tarkibidagi progressiv partiyalar, Kanada va Skandinaviya davlatlaridagi “so‘l” hukumatlarga qarshi;
– Yevropaning o‘ng kuchlari, Rossiya, Isroil va boshqa konservativ qadriyatlarga sodiq davlatlarni qo‘llab-quvvatlaydi;
– Trampga xos yondashuv “amerikaliklar uchun – avvalo Amerika” shioriga asoslangan.
S.Jo‘rayev:
– Donald Tramp neoreal siyosiy paradigmaga amal qiladi: kuchga asoslangan davlat manfaati, ikki tomonlama kelishuv, xalqaro institutlar emas, balki yetakchilar o‘rtasidagi shaxsiy aloqalarga urg‘u beradi. Shunga qaramasdan, AQSH 46-prezidentini zamonaviy konservativ va progressiv g‘oyalarni uyg‘unlashtirgan siyosatchi, deyish mumkin.
Masalan, u Amerikaning qudratini nafaqat saqlab qolish, balki yanada mustahkamlash, iqtisodiy va ilmiy texnologik jihatdan yaqqol ustunlikka erishish maqsadida bir necha muhim qadam tashladi. Xalqaro xamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mamlakat xavfsizligini ta’minlash, ayniqsa sun’iy intellelektdan samarali foydalanish, ichki siyosatda muhojirlarga nisbatan qat’iy munosabatda bo‘lish, noqonuniy migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashish masalalarida ilg‘or qarashlarni ilgari surmoqda. Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish uchun mas’ul alohida departament tashkil etilishi, barcha sohalarda chuqur tekshiruv o‘tkazilayotgani, turli xarajatlar qisqartirilishi, ayni vazifalarni bajarishga tadbirkorlikdan yaxshigina xabardor Ilon Mask mas’ul etib tayinlanishi bu fikrga yorqin misol bo‘la oladi.
– Boshqa davlatlar bilan savdo urushi haqida nima deya olasiz? Bu iqtisodiy strategiyaning bir qismimi yo dunyo bozorida yakka hukmronlikka intilish?
S.Jo‘rayev:
– Savdo urushi – Tramp iqtisodiy strategiyasining ajralmas qismi. U AQSH tashqi savdo tanqisligini tanqid qiladi. O‘tgan yil bu ko‘rsatkich 918,4 milliard dollarni tashkil etdi. Uning fikricha, boshqa davlatlar, ayniqsa Xitoy mamlakatning ochiq bozoridan foydalanib, o‘z iqtisodiyotini AQSH soliq to‘lovchilari hisobidan boyitmoqda.
Tramp tarif siyosati – boj miqdorini oshirish orqali ayni muammoni hal qilishga urinmoqda. XXRni “jazo tariqasida” kuchli tarif bilan jazolab, “mega-bitim” tuzish orqali davlat daromadini oshirmoqchi. Yetakchi bu urushni mamlakat sanoatini qayta tiklash, mahalliy ishlab chiqarishni kuchaytirish va global yetkazib berish zanjirini isloh qilish uchun boshlaganini da’vo qilmoqda.
Dunyo bozorida yakka hukmronlikka intilish emas, balki Amerika manfaatini kuchli himoya qilishga qaratilgan bu strategiya o‘z navbatida proteksion, ya’ni himoyaviy siyosat.
– Tramp qaror qabul qilishda jamoatchilik fikrini inobatga oladimi?
F.Jamolov:
Manbalarda Tramp jamoatchilik fikriga qanday munosabat bildirishi aniq ta’riflanmagan. Bu mavzu bo‘yicha quyidagi fikrlar asosida xulosa chiqarish mumkin:
– Tramp o‘zini xalq tomonidan saylangan kuchli yetakchi hisoblaydi, jamiyat manfaatini shaxsiy qarashi orqali anglaydi.
– Qarorni foyda va zarar asosida baholab, “deal-maker” – kelishuv tuzuvchi sifatida harakat qiladi.
– Jamoatchilik fikri uning uchun ikkinchi darajali, asosiy e’tiborni kuch, foyda va natijaga qaratadi.
– Shaxsiy aloqalar, kuchli liderlar bilan muzokaralarga ko‘proq urg‘u beradi, demokratik institutlar yoki ommaviy fikr bilan kam hisoblashadi.
Tramp ma’muriyatining xalqaro munosabatlarga ta’siri global miqyosda qanday namoyon bo‘ladi?
S.Jo‘rayev:
Trampning xalqaro siyosati neorealistik modelga asoslangan:
– Xalqaro tashkilotlar, ittifoq va uyushmalar, ko‘p tomonlama kelishuvlarga emas, balki ikki tomonlama muzokaralarga urg‘u beradi.
– “Buyuk Amerika” g‘oyasi orqali AQSHning milliy manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yadi.
– Xalqaro kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqyapti. Masalan, Parij iqlim kelishuvidan chiqish, NATOdan norozilik, Rossiyaga nisbatan sanksiyani qayta ko‘rib chiqish shuni anglatadi.
– Global muammolarga faqat AQSH bevosita manfaatdor bo‘lsagina aralashadi.
– Tramp tashqi siyosatida barqarorlik yetishmasa-da, “AQSH kuchi” va suverenitetini doim birinchi o‘ringa qo‘yadi.
Trampning siyosiy pozitsiyasidagi o‘zgaruvchanlikni qanday baholaysiz? Zero, so‘nggi voqealar asnosida u qarorlarini tez-tez o‘zgartirayotgani ko‘rinyapti.
F.Jamolov:
Umuman, Tramp siyosiy qarorlarni tez-tez o‘zgartiradigan, fikrini muayyan holatga moslashtiradigan prezident. O‘zgaruvchanlik, yuzaki fikrlash, tafsilotga jiddiy e’tibor bermaslik unga xos. Ko‘pincha qarorini o‘z hissiy holati yoki tashqi vaziyatga qarab chiqaradi. Ayni xususiyat unga siyosiy holatga tez moslashish, raqibini kutilmagan holatga tushirish imkonini beradi. Strategiyani o‘zgartirishdan cho‘chimasligi uni noan’anaviy va dinamik siyosatchi sifatida ko‘rsatadi. Bunday qarama-qarshi va tez-tez o‘zgaruvchan pozitsiyalar uning ishonchli ma’lumotga emas, balki ko‘proq shaxsiy intuitsiya va foydaga asoslangan maqsadni amalga oshirish imkonini beradi.
Musulmon Ziyo suhbatlashdi.
O‘zA