Ukraina 8 milliondan ortiq fuqarosini vatanga qaytarish dasturini ishlab chiqmoqda
Ukraina hukumati chet eldagi 8 milliondan ko‘p ukrainalikni vatanga qaytarish bo‘yicha keng qamrovli strategiya ishlab chiqmoqda.
– Yevropa Ittifoqi bilan birga fuqarolar xavfsiz va qulay qaytishini ta’minlash mexanizmi ishlab chiqilmoqda, – dedi Ukraina Davlat migratsiya xizmati raisi Nataliya Naumenko. – Mamlakat tashqarisida “Hujjatlar” davlat korxonasi idoralari tarmog‘i kengayishi bu yo‘lda muhim qadam bo‘ldi.
Hukumat fuqarolar Ukraina bilan qonuniy aloqani saqlab qolishi uchun hujjat rasmiylashtirish tartibini soddalashtirmoqchi.
– Vatanga qaytishni osonlashtirishga qaratilgan yana bir vosita ko‘p fuqarolikni joriy etish tashabbusidir, – dedi Naumenko. – Bunday amaliyot YeI mamlakatlari, AQSH va Kanadadagi ukrainlarga yurti bilan qonuniy aloqani saqlab qolish imkonini beradi.
S.Rahimov, O‘zA