O‘zbekistonlik yoshlar uchun yana bir ta’lim imkoniyati ochilmoqda
“Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasida 2026/2027 o‘quv yili uchun Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining Toshkent filialiga qabul masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda universitet mutasaddilari, abituriyentlar, maktab o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbirda “Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya, Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti Toshkent filiali direktori vazifasini bajaruvchi Sardor Donayev so‘zga chiqib, mazkur filialning ochilishi O‘zbekiston yoshlari uchun sifatli muhandislik-texnika ta’limi olish va mehnat bozorida yuqori talabga ega mutaxassis bo‘lib yetishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishini ta’kidladi.
Ma’lum qilinganidek, 2026/2027 o‘quv yili filial tarixidagi birinchi qabul hisoblanadi. Bu yil bakalavriatning “Informatika va hisoblash texnikasi”, “Axborot tizimlari va texnologiyalari” hamda “Elektron vositalarni loyihalash va texnologiyasi” yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar qabul qilinadi. O‘quv uchun 100 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, ularning 30 tasi O‘zbekiston Respublikasi davlat granti asosida ta’lim olish uchun mo‘ljallangan.
Uchrashuvda ta’limning amaliy jihatlariga, universitet professor-o‘qituvchilarining o‘quv jarayonidagi ishtirokiga, sanoat korxonalari bilan hamkorlik va talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining Toshkent filialining rasmiy ochilish marosimi joriy yil 7-sentabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Tadbir yakunida universitet vakillari bo‘lajak abituriyentlar hamda ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA