O‘zbekistonlik sportchilardan jahon rekordi va qo‘sh oltin!
Yaponiyada davom etayotgan XX Osiyo o‘yinlarining 29-sentabr kungi bellashuvlari yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga 2 ta oltin va 1 ta bronza medal qo‘shildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari bugun kamondan otish, kibersport, o‘q otish, slalomda eshkak eshish, velotrek, suvga sakrash, og‘ir atletika, voleybol, tennis, boks va yengil atletika sport turlarida ishtirok etdi.
Kun davomida sportchilarimiz bir qator muhim natijalarni qayd etdi. Jumladan, og‘ir atletika va yengil atletikada ikki nafar vakilimiz oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, boksda yana ikki sportchimiz final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, og‘ir atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida 110 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan hamyurtimiz Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda dastlab 190 kg. og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundirib, Osiyo o‘yinlari rekordini yangilagan bo‘lsa, uchinchi urinishda 197 kg. natija qayd etib, jahon rekordini yangiladi. Shuningdek, siltab ko‘tarishda 226 kilogramm natija qayd etdi. Ikkikurash yakuniga ko‘ra 423 kilogramm natija qayd etgan hamyurtimiz Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi.

Yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida balandlikka sakrash bahslarida yurtimiz sharafini himoya qilgan Barnoxon Sayfullayeva 1 metr 90 santimetr natija qayd etib, Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi.
Shu tariqa, mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston vakillarining Osiyo o‘yinlaridagi g‘oliblik an’anasi davom etdi. Avvalgi to‘rt musobaqada ham yurtdoshlarimiz chempionlikni qo‘lga kiritgan:
2010-yil — Svetlana Radzivil;
2014-yil — Svetlana Radzivil;
2018-yil — Svetlana Radzivil;
2022-yil — Safina Sadullayeva;
2026-yil — Barnoxon Sayfullayeva.
Barnoxon Sayfullayevaning g‘alabasi O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishdagi ketma-ket beshinchi chempionligini ta’minladi.
Osiyo o‘yinlarining boks bo‘yicha yarim final bahslarida ham vakillarimiz munosib ishtirok etdi. Jumladan, +90 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Jahongir Zokirov eronlik Amir Esmailiga qarshi jang o‘tkazib, raqibini ikkinchi raundda texnik nokautga uchratdi va final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
–60 kilogramm vazn toifasidagi vakilimiz Abdumalik Xalakov ham final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. U mezbonlar vakili Shunsuke Kitamotoga qarshi kechgan bahsda 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Afsuski, –80 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Fazliddin Erkinboyev yarim finalda hindistonlik Ankushga imkoniyatni boy berdi va musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
[gallery-31682]
https://uza.uz/uz/collection/31682
Ertaga, 30-sentabr kuni boks bo‘yicha yana to‘rt nafar sportchimiz final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi:
–51 kg: Feruza Kazakova — Vu Yu (Xitoy);
–60 kg: Sitora Turdibekova — Lin Yu-Ting (Xitoy Taypeyi);
–70 kg: Shavkatjon Boltayev — Torexan Sabirxan (Qozog‘iston);
–90 kg: To‘rabek Habibullayev — Kapil Pokhariya (Hindiston).
Tennis bahslarida hamyurtimiz Humoyun Sultonov xitoylik raqibini 6:1, 6:4 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning uchinchi bosqichiga yo‘l oldi.
Shu tariqa, 29-sentabr kungi bahslardan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 14 ta oltin, 17 ta kumush va 14 ta bronza — jami 45 taga yetdi.
Medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy 143 ta oltin, 62 ta kumush va 49 ta bronza, jami 254 ta medal bilan peshqadamlik qilmoqda. Yaponiya 47 ta oltin, 71 ta kumush va 65 ta bronza, Janubiy Koreya esa 24 ta oltin, 27 ta kumush va 44 ta bronza medalga ega bo‘lib kuchli uchlikni yakunlamoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
Sarvar O‘rmonov (surat) Yaponiya O‘zA