Og‘ir atletika: Osiyo chempionatida Jahon va qit’a rekordlari yangilandi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida davom etayotgan Osiyo chempionatining ortda qolgan ilk kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi dastlabki medalni qo‘lga kiritdi.
-45 kg. vazn toifasidagi “A” guruhi bahslari yakuniga ko‘ra, yurtdoshimiz Soliha Bahodirova dast ko‘tarish mashqida 64 kg. natija qayd etib, ushbu yo‘nalishda bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, Soliha Bahodirova O‘zbekiston terma jamoasiga musobaqadagi ilk medalni taqdim etdi.
Osiyo chempionati doirasida “Markaziy Osiyo ochiq chempionati” bahslarida supachaga ko‘tarilgan yosh og‘ir atletikachilarimiz Shahrizoda Shomurodova hamda Shahnoza Turdialiyeva -45 kg. vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Shuningdek, “Markaziy Osiyo ochiq chempionati”da o‘z omadini sinovdan o‘tkazgan Bahodir Bekpo‘latov -55 kg. vazn toifasida dast ko‘tarishda 86 kg, siltab ko‘tarishda esa 105 kg, ikki kurash natijasiga ko‘ra, 191 kg. ko‘rsatkich qayd etib, 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Osiyo chempionatida -55 kg. vazn toifasida ishtirok etgan Saudiya Arabistoni vakili Muhammad Navaf M Al Ojaian siltab ko‘tarishda 138 kg. natija bilan shuningdek, ikki kurash yakuniga ko‘ra, 247 kg. toshlarni bo‘ysundirib, ushbu yo‘nalishda yoshlar o‘rtasida jahon va Osiyo rekordlarini qayd etdi.
Chempionat bahslari davom etmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA