Osiyo o‘yinlari sportchilarimiz uchun qanday o‘tmoqda?
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida davom etayotgan XX Osiyo o‘yinlarining o‘n birinchi kunida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 2 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, delegatsiyamiz hisobiga Sita Qadamboyeva (dzyudo) va Aytjan Xalmaxanov (yunon-rum kurashi) oltin, Abdurahim Nutfulloyev (dzyudo) hamda Rafael Sitsuashvili (yunon-rum kurashi) kumush medallarini keltirdi. Shuningdek, Feruza Kazakova, Sitora Turdibekova va Shavkatjon Boltayev (boks), Samariddin Qo‘chqorov (dzyudo) hamda Jalgasbay Berdimuratov (yunon-rum kurashi) bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Ushbu natijalardan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 16 ta oltin, 19 ta kumush va 19 ta bronza, jami 54 taga yetdi.
Shuningdek, 30-sentabr kungi dasturdan o‘rin olgan futbol bahslarining yarim finalida Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston U23 terma jamoasi Osaka shahridagi «Nagay» stadionida Yaponiya termasiga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha vaqtida 1:1 hisobi qayd etildi. Penaltilar seriyasida esa Yaponiya termasi 9:8 hisobida g‘alaba qozonib, finalga yo‘l oldi.
Endi 3-oktabr kuni «Toyota» stadionida O‘zbekiston va Xitoy terma jamoalari bronza medali uchun bahs olib boradi.
Slalomda eshkak eshish bo‘yicha Jonibek Temirgaliyev yarim finalda muvaffaqiyatli ishtirok etib, finalga yo‘l oldi.
Ertaga, 1-oktabr kuni Osiyo o‘yinlarining o‘n ikkinchi kun bellashuvlarida o‘zbekistonlik sportchilar golf, regbi, jiu-jitsu, velosport, slalomda eshkak eshish, yunon-rum kurashi, ayollar kurashi, dzyudo, badiiy gimnastika va voleybol sport turlarida ishtirok etadi.
[photobank-31727]
https://uza.uz/uz/collection/31727
1-oktabr kuni musobaqada ishtirok etadigan o‘zbekistonlik sportchilar ro‘yxati:
Golf: 02:30 — jamoaviy bahslar.
Regbi: 05:25 — erkaklar, Gonkong — O‘zbekiston, 11:15 — erkaklar, Xitoy — O‘zbekiston.
Jiu-jitsu: 05:30 — saralash va final, Elbek Rahmatullayev, 06:15 — saralash va final, Sirojbek Rustamov.
Velosport: 06:00 — omnium, Sergey Rostovsev.
Slalomda eshkak eshish: 06:30 — yarim final, Anvar Klevleyev.
Yunon-rum kurashi: 06:37 — Alisher G‘aniyev — Joye Fer Kallado (Filippin), 06:44 — Abdullo Aliyev — Yeong Xun Nox (Janubiy Koreya), 07:10 — Amirxon Berdiqulov — Min Xo Li (Janubiy Koreya).
Ayollar kurashi: 07:00 — saralash va final, Muhayyo Narzilloyeva — Ki Jang (Xitoy).
Dzyudo: 07:00 — saralash va final, Shukurjon Aminova, 07:30 — Shahram Ahadov, 08:00 — Arslonbek Tojiyev, 08:15 — Xurshida Razzoqberdiyeva, 08:30 — Marjona Nurulloyeva.
Badiiy gimnastika: 07:30 — saralash, Taxmina Ikromova, 07:30 — Lola Jo‘rayeva.
Voleybol: 12:00 — erkaklar, Vetnam — O‘zbekiston.
Javohir Toshxo‘jayev,
Sarvar O‘rmonov (surat) Yaponiya
O‘zA