O‘zbekistonlik gimnastikachilar jahon chempionati finalida
Frankfurt shahrida o‘tayotgan badiiy gimnastika bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston vakillari yakkalik va guruh dasturlarida finalga yo‘llanma oldi.
Germaniyaning Frankfurt shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha jahon chempionatida 73 davlatdan 350 nafar sportchi, jumladan, yakkalik dasturida 101 nafar gimnastikachi va 42 ta guruh jamoasi ishtirok etmoqda.
Quvonarlisi, O‘zbekiston vakillari yakkalik hamda guruh mashqlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, final bosqichiga yo‘l oldi. Yakkalik dasturida Taxmina Ikromova halqa bilan bajariladigan mashq finalida yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Guruh mashqlarida esa Mumtozabonu Ishoqzoda, Evelina Atalyans, Amaliya Mamedova, Yasmina Mkrtiyeva, Tamila Ziganshina va Yuliya Valevatayadan iborat jamoa 3 ta halqa + 2 juft bulava dasturida sovrinli o‘rinlar uchun raqobatlashadi.
E’tiborlisi, Frankfurtdagi mazkur jahon chempionati “Los-Anjeles-2028” Olimpiya o‘yinlariga saralash musobaqalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston vakillari ham keyingi saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA