O‘zbekistonga asal importi qariyb uch baravar oshdi
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonga tabiiy asal importi keskin o‘sdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 4 oy davomida mamlakatga 9 ta davlatdan jami 642,2 tonna tabiiy asal olib kelingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 422,4 tonnaga yoki qariyb 2,9 barobarga ko‘p. Importning umumiy qiymati esa 584,4 ming AQSH dollarini tashkil etgan.
Import geografiyasiga nazar tashlasak, asosiy ulush qo‘shni davlatlarga to‘g‘ri keladi. Qozog‘iston 372 tonna bilan birinchi o‘rinda turibdi. Undan keyin Qirg‘iz Respublikasi 168 tonna va Rossiya Federatsiyasi 87,9 tonna bilan joylashgan. Germaniya va Vengriyadan ham ma’lum miqdorda asal import qilingan.
Avvalo, import o‘sishi ichki bozorda talabning ortib borayotganidan dalolat beradi. Sog‘lom ovqatlanishga qiziqish kuchayishi, tabiiy mahsulotlarga ehtiyojning o‘sishi hamda oziq-ovqat sanoatida asaldan kengroq foydalanilayotgani import hajmini oshiruvchi omillardan bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi jihat — narx va raqobat. Qo‘shni mamlakatlardan yetkazib berilayotgan asal logistika jihatidan arzonroq tushishi mumkin. Bu esa import qiluvchilar uchun iqtisodiy jihatdan manfaatli hisoblanadi.
Shu bilan birga, importning ko‘payishi mahalliy asalarichilik tarmog‘i uchun ham muayyan signaldir. Agar ichki ishlab chiqarish talabni to‘liq qoplay olmasa yoki mahsulot tannarxi yuqori bo‘lsa, bozorda import mahsulotlari ulushi oshib boradi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash va eksportbop ishlab chiqarishni rivojlantirish zarurligini ko‘rsatadi.
Ekspertlar fikricha, asal importining o‘sishi salbiy holat emas. Aksincha, u bozorda talab yuqori ekanini va mahsulot aylanmasi faollashayotganini anglatadi. Biroq, uzoq muddatli istiqbolda ichki asalarichilikni qo‘llab-quvvatlash, mahsulotni qayta ishlashni rivojlantirish va mahalliy brendlarni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Demak, importning qariyb uch baravar oshishi nafaqat tashqi savdo statistikasi, balki mamlakat oziq-ovqat bozoridagi talab, iste’mol madaniyati va mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlarini baholash uchun ham muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA