O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 74,6 milliontaga yetdi
Bugungi kunda O‘zbekistonda bank xizmatlarini raqamlashtirish jarayoni jadal sur’atlarda davom etmoqda. Aholi tomonidan bank kartalaridan foydalanish ko‘lamining kengayishi, naqdsiz hisob-kitoblar hajmining ortishi hamda to‘lov infratuzilmasining rivojlanishi mamlakat moliya tizimidagi muhim tendensiyalardan biriga aylandi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga respublikada muomaladagi bank kartalari soni 74,6 milliontani tashkil etdi. Bu yil boshiga nisbatan 6,3 milliontaga ko‘p. Demak, har oy o‘rtacha 1 milliondan ortiq yangi bank kartasi muomalaga chiqarilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich aholining zamonaviy bank xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoji va ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Raqamli iqtisodiyot sharoitida bank kartalari nafaqat ish haqi yoki pensiya olish vositasi, balki kundalik to‘lovlar, onlayn savdo, davlat xizmatlari, pul o‘tkazmalari va turli moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishning eng qulay vositasiga aylanib bormoqda.
To‘lov infratuzilmasida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida bankomat va infokiosklar soni 6,6 mingtaga ko‘payib, 46,7 mingtaga yetdi. POS-terminallar soni esa 17,3 mingtaga oshib, 448,1 mingtani tashkil qildi. Bu esa savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida naqdsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlari yanada kengayganini anglatadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida POS-terminallar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi 322,5 trillion so‘mdan oshgan. Bu mamlakatda naqdsiz hisob-kitoblar ulushi yil sayin ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Muomaladagi bank kartalari soni bo‘yicha Xalq banki 12 millionta karta bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Uzum Bank (7 millionta), Agrobank (6,8 millionta), Ipoteka-bank (5,6 millionta) va Hamkorbank (5 millionta) joylashgan.
Bankomat va infokiosklar tarmog‘i bo‘yicha ham Xalq banki yetakchi hisoblanadi. Uning respublika bo‘ylab 3 ming 132 ta bankomat va infokioski faoliyat yuritmoqda. Keyingi o‘rinlarni Agrobank (1 823 ta), Kapitalbank (1 669 ta), Invest Finance Bank (1 426 ta) va Ipoteka-bank (1 109 ta) egallagan.
Umuman olganda, yarim yillik ko‘rsatkichlar mamlakatda raqamli bank xizmatlari jadal rivojlanayotganini, banklar o‘rtasida raqobat kuchayib, xizmatlar sifati va qulayligi ortib borayotganini namoyon etmoqda. Bu esa aholi uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, naqdsiz iqtisodiyot ulushini oshirish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA