11 million dollarlik import o‘rnini bosadigan loyiha muhokama qilindi
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida AQSHning Prestone PFX kompaniyasi hamda «Global Petrochemical Group» MCHJ vakillari ishtirokida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda xalqaro standartlarga javob beradigan antifriz mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston hududida qo‘shma korxona tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni transfer qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini mahalliylashtirish darajasini oshirish, shuningdek, tayyor mahsulotlarni ichki bozorga yetkazib berish va eksportga yo‘naltirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda antifriz mahsulotlariga bo‘lgan yillik ehtiyoj qariyb 19 ming tonnani tashkil etadi. 2025-yil davomida mamlakatga 12 ming tonnadan ortiq antifriz import qilinib, uning umumiy qiymati 11,23 million AQSH dollariga yetgan. Bu esa ichki bozorda sifatli mahsulotlarga barqaror talab mavjudligini hamda mazkur sohada mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun yetarli iqtisodiy asos shakllanganini ko‘rsatadi.

Prestone PFX Group avtomobillar uchun texnik suyuqliklar, issiqlikni boshqarish tizimlari hamda maxsus kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xalqaro kompaniya hisoblanadi. Kompaniya tarkibida 17 ta ishlab chiqarish maydoni va 4 ta ilmiy-tadqiqot markazi faoliyat yuritadi. Uning mahsulotlari dunyoning 40 dan ortiq mamlakatida sotiladi. Qariyb bir asrlik tarixga ega Prestone brendi antifriz ishlab chiqarish va uni takomillashtirish sohasida yetakchi xalqaro brendlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Uchrashuvda ishtirok etgan «Global Petrochemical Group» MCHJ esa 2011-yildan buyon motor moylari, antifriz va avtokimyo mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Korxonada mahsulot tayyorlashning barcha texnologik bosqichlari, jumladan, quyish va qadoqlash uchun zarur bo‘lgan polimer idishlarni ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur investitsiya loyihasi amalga oshirilsa, ichki bozor ehtiyojini mahalliy mahsulotlar hisobidan qondirish, import o‘rnini bosish, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish hamda Markaziy Osiyo davlatlariga eksport hajmini kengaytirish uchun muhim imkoniyatlar yaratiladi.
Uchrashuv yakunida istiqbolli qo‘shma loyihalarni shakllantirish, ularni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish, mas’ul tashkilotlar hamda ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha keyingi vazifalar belgilab olindi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA