O‘zbekistonda yaylovlardan samarali foydalanish va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralar belgilandi
Yaylov yerlaridan samarali foydalanish va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlashda yangi bosqich. Prezident qarori sohada jiddiy islohotlarni belgilab berdi. Bu qanday o‘zgarishlar?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yaylov yerlaridan samarali foydalanish va chorvachilik xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Joriy yilning 14-oktabrida qabul qilingan qarorga ko‘ra, degradatsiyaga uchragan yaylov yerlari maydoni 2026-yil yakuniga qadar 10 foizga, 2027-yil yakuniga qadar kamida 20 foizga qisqartiriladi.
Asosiy o‘zgarishlar quyidagilardan iborat:
2026-yil 1-oktabrdan hisoblangan yaylov yerlaridan foydalanish uchun ijara to‘lovlari hududiy yaylov xo‘jaliklariga to‘lig‘icha o‘tkaziladi;
2027-yil 1-yanvardan boshlab bir bosh yirik shoxli va bir bosh mayda shoxli mol uchun to‘g‘ri keladigan maydon me’yorlari geobotanik tahlil asosida Chorvachilik agentligi tomonidan tasdiqlanadi (hududlar kesimida besh gektardan oshmagan miqdorda);
Yaylov yerlari “yashil”, “sariq” va “qizil” hududlarga ajratiladi: “yashil” hududlarda o‘tlatishga ruxsat beriladi, “sariq” hududlarda majburiy tartibda almashlab o‘tlatish joriy etiladi, “qizil” hududlarda chorva mollarini o‘tlatishga kamida 3 yil muddatga moratoriy e’lon qilinadi;
2028-yil 1-yanvardan boshlab yaylovlarni sug‘urtalash tizimi joriy qilinadi: sug‘urta mukofotining 50 foizi yaylovdan foydalanuvchilar tomonidan, qolgan 50 foizi Qishloq xo‘jaligi sug‘urta jamg‘armasi tomonidan respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi;
Jamoat yaylovlari tashkil etilib, ular xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining qaroriga asosan hududiy yaylov xo‘jaliklari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlariga 49 yil muddatga bepul ijaraga beriladi; ijaraga berilgan yaylov yer maydonlariga soliq solishning nol stavkasi qo‘llanadi;
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Nishon va G‘uzor tumanlaridagi barcha mavjud yaylovlarda sun’iy yo‘ldosh kuzatuv tizimi 2027-yil 1-martga qadar tajriba tariqasida joriy qilinib, Buxoro cho‘l-yaylov ozuqabop o‘simliklari ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan 2026–2028-yillarda 4 100 gektar urug‘chilik maydonlari tashkil etish prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.
Sherbek Islomov, O‘zA