Shirinmiya o‘simligi qurg‘oqchil va sho‘rlangan yerlarga moslashuvchan bo‘lib, undan oziq-ovqat, kosmetika va farmatsevtika sanoatida foydalanish mumkin.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) “Yakuzemi Informative Education Center Co.” hamda O‘rmon agentligi huzuridagi Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi hamkorligida yangi loyiha yo‘lga qo‘yildi.
Bu “O‘zbekistonda shirinmiya o‘simligini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyalarini yaratish orqali mintaqaviy sanoatni rivojlantirish loyihasi” deb nomlanadi. Loyiha 3 yillik bo‘lib, shirinmiya o‘simligini yetishtirish va qayta ishlashni barqaror rivojlantirish, sohani iqtisodiy jihatdan ravnaq toptirishga mo‘ljallangan.
JICA tomonidan loyiha doirasida fermerlar va mahalliy mutaxassislar o‘rtasida qayta ishlash texnologiyalari, sifatni baholash va bozorga chiqish bo‘yicha treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ekspertlarni jalb qilish, mahalliy salohiyatni rivojlantirish va tajriba almashish orqali Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik yanada rivojlanadi.
O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida amalga oshiriladi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA