O‘zbekiston va Yaponiya qo‘shma loyihalar ko‘lamini kengaytiradi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari -iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvi raisi Nobumitsu Hayashi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar Kengashining 59-yillik anjumani doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildi. Jumladan, JBIC ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar va ularni moliyalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari, xususan sog‘liqni saqlash, energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hamda transport-logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish yo‘nalishidagi tashabbuslar muhokama qilindi.
Tomonlar shu bilan birga yapon kompaniyalarini loyihalarga jalb etish hamda ularni moliyalashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalar ko‘lamini kengaytirish va ular samaradorligini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA