O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari mamlakatimizda AESning birinchi energiya bloki qurilishiga start berdilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlariga start berdilar.
Marosimda teleko‘prik orqali Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bosh direktori Rafael Grossi ham ishtirok etdi.


Davlatimiz rahbari Vladimir Putin va Rafael Grossiga ushbu loyihaning ro‘yobga chiqarilishini shaxsan qo‘llab-quvvatlaganlari va ko‘rsatilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi. Mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasini barpo etishda ishtirok etayotgan O‘zbekiston va Rossiya mutaxassislariga birgalikdagi sa’y-harakatlar va yuksak professionallik uchun alohida tashakkur aytildi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonning texnologik, industrial va ilmiy taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berib, yangi tarmoq – atom energetikasini rivojlantirish uchun asos yaratishi qayd etildi. Loyiha kichik modulli atom generatsiyasi hamda yirik hajmli energetika sohasidagi eng so‘nggi yutuqlarni o‘zida mujassam etgan.


O‘zbekiston yetakchisi xavfsizlik loyihaning mutlaq va so‘zsiz sharti ekanini alohida ta’kidladi. Stansiyani qurish va uni ekspluatatsiyaga tayyorlash ishlari eng zamonaviy xalqaro standartlar, ilg‘or muhandislik yechimlari asosida hamda Xalqaro atom energiyasi agentligining doimiy nazorati ostida bajarilmoqda.
Ushbu ulkan loyihaning amalga oshirilishi va uning natijalari O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

