Aleksey Lixachyov: O‘zbekistonda AES qurilishi - energetika sohasidagi “olmos” yechimdir (+video)
Atom energetikasi va yadro texnologiyalari bugungi kunda dunyoda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan eng muhim yo‘nalishlardan biri sanaladi. Ushbu soha nafaqat energetika xavfsizligini ta’minlash, balki sanoat, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishda ham hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Joriy yilning 20-22-aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” VI xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida ushbu yo‘nalishdagi istiqbollar yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Anjuman doirasida “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov O‘zA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi. Suhbatda atom energetikasi va yadro sohasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda kelgusi rejalar haqida so‘z bordi.
– Aleksey Yevgenevich, avvalo, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida atom energetikasi sohasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning bugungi bosqichini qanday baholaysiz? Kelgusi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda navbatdagi qadamlar nimalardan iborat bo‘ladi?
– Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida atom sohasidagi hamkorlik uzoq yillik va mustahkam asosga ega. Bu aloqalar teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillari asosida izchil rivojlanib kelmoqda. Hamkorligimiz uran qazib olish va qayta ishlashdan tortib, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari, jumladan, Fanlar akademiyalari darajasidagi muloqotlarni ham qamrab olgan. Hozirgi kunda asosiy vazifamiz - mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash. Bu borada tadqiqot reaktorlari uchun yoqilg‘i yetkazib berish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy sheriklikni kengaytirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Albatta, bu hamkorlikdagi eng muhim va “olmos”dek qimmatli yechim - davlat rahbarlari va hukumatlarimiz tomonidan qabul qilingan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha qarordir. Strategik loyiha sifatida Jizzax viloyatining Forish tumanida AES qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu majmua bir maydonda to‘rtta reaktorni o‘z ichiga oladi: ikkita 1000 megavattli yirik hamda ikkita 55 megavattli kichik modulli reaktorlar. Bunday yondashuv energiya tizimining moslashuvchanligini oshiradi va talab keskin o‘zgargan vaziyatlarda tezkor javob berish imkonini beradi. Yagona infratuzilma esa qurilish xarajatlarini optimallashtirishga xizmat qiladi.
Bu jarayonda regulyator organlar, “O‘zatom” agentligi va boshqa mas’ul tuzilmalar bilan baqamti ish olib borilmoqda. Shuningdek, kadrlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratganmiz. 2019-yilda Toshkentda MIFI filialining ochilishi bu borada muhim qadam bo‘ldi. Hozirgacha 161 nafar muhandis tayyorlandi, 300 dan ortiq talaba tahsil olmoqda, yana 900 ga yaqin yosh mutaxassis Rossiyaning yetakchi oliygohlarida bilim olmoqda.
– Siz suhbatlaringizda “Atom shahri” ni yaratish g‘oyasini ilgari surgan edingiz. Ushbu tashabbusning mohiyati nimada?
– Atom energiyasi tarixi boshlanganidan buyon biz faqat stansiya qurish bilan cheklanmay, ijtimoiy siyosatni ham ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab kelganmiz. Atom ob’ektlari atrofida shakllanadigan shaharchalarda yuqori sifatli ta’lim, mustahkam ijtimoiy himoya va qulay yashash sharoitlari yaratiladi.
Eng muhimi, bu yerda bilim va tajriba avloddan-avlodga o‘tadi. Masalan, Belarusdagi Ostrovets shahrini oling. 15 yil avval u kichik bir aholi punkti edi, bugun esa aholi daromadlari bo‘yicha yetakchi, jadal rivojlanayotgan hududga aylandi. Biz o‘zbekistonlik hamkorlarimizni Rossiyadagi ana shunday “atom shaharlari” va ilmiy markazlar faoliyati bilan yaqindan tanishish uchun taklif etdik.
– Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida kelajakda qaysi noenergetik yo‘nalishlar rivojlanishi mumkin?
– Joriy yil boshida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich tomonidan noenergetik hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ni ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan edi. Ushbu hujjat imzolandi. Bu yo‘nalishda yadro tibbiyoti - radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish, onkologiya va kardiologiya kabi kasalliklarni erta aniqlash va davolash ustuvordir.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligida mahsulotlarning saqlanish muddatini uzaytirish uchun nurlantirish texnologiyalaridan foydalanish ham muhim. Bundan tashqari, kompozit materiallar, additiv texnologiyalar, elektromobillar va energiya saqlash tizimlari kabi “atomdan ilhomlangan” sohalarda ham katta kompetensiyaga egamiz va ularni bo‘lishishga tayyormiz.
– Markaziy Osiyo mintaqasining umumiy salohiyati va qo‘shni davlatlar - Qirg‘iziston hamda Qozog‘iston bilan hamkorlik qay darajada?
– Markaziy Osiyo - biz uchun strategik muhim hudud. Bu yerda iqtisodiy o‘sish yillik 7 foiz atrofida, 2030-yilga borib elektr energiyasiga bo‘lgan talab esa 40 foizga oshishi kutilmoqda.
Qozog‘istonda ham atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha xalqaro konsorsium yetakchisi sifatida tanlandik. Qirg‘izistonda esa bir nechta ob’ektlarda rekultivatsiya ishlarini yakunladik va hozirda Issiqko‘l viloyatida qayta tiklanuvchi energiya hamda kichik atom energetikasi loyihalarini ko‘rib chiqyapmiz.
– Suhbatimiz yakunida Energodar va Zaporoje AESdagi vaziyatga to‘xtalib o‘tsangiz. Ayni paytda holat qanday?
– Zaporoje AES atrofidagi vaziyat hozircha to‘liq barqarorlashgani yo‘q. Biroq MAGATE missiyasining navbatdagi rotatsiyasi Rossiya hududi orqali xavfsiz amalga oshirilgani ijobiy holdir. Stansiya hozirda bitta tashqi elektr liniyasi orqali ishlamoqda. Xavfsizlik tizimlari doimiy nazoratda. Hatto tashqi ta’minotda uzilishlar bo‘lgan taqdirda ham dizel-generatorlar shtat rejimida ishga tushib, barqarorlikni ta’minlamoqda. Biz Energodar shahri va stansiya jamoasini qo‘llab-quvvatlash, xavfsizlikni saqlash uchun barcha zarur choralarni ko‘ryapmiz.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VjwzmrcJ5us" title="Aleksey Lixachyov: O‘zbekistonda AES qurilishi - energetika sohasidagi “olmos” yechimdir" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA
suhbatlashdi