AES qurilishi uchun qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi
Toshkentda “O‘zbekiston Respublikasida integratsiyalashgan AES loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekiston kompaniyalari bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish” mavzusiga bag‘ishlangan keng ko‘lamli sohaviy anjuman o‘tkazildi.
Unda “O‘zatom” agentligi, “Rosatom” davlat korporatsiyasi vakillari, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi kompaniyalari mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbirda AES qurilishida mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish va sanoat hamkorligini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Anjuman davomida zamonaviy atom stansiyalarini qurishda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish, qurilish jarayonlarini takomillashtirish hamda zarur materiallar va uskunalarni mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi. Jumladan, zaxira elektr ta’minoti tizimlari, yordamchi energetika uskunalari va boshqa muhim infratuzilma vositalarini ishlab chiqarishda mahalliy korxonalar ishtirokini ta’minlashga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya kompaniyalari o‘rtasida avtomatlashtirilgan boshqaruv va radiatsiyaviy nazorat tizimlari, maxsus ventilyatsiya va gazni tozalash qurilmalari, polimer quvurlar, issiqlik izolyatsiyasi materiallari hamda qurilishda ishlatiladigan maxsus kimyoviy qo‘shimchalarni ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma korxonalar tashkil etish va ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish orqali mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Anjuman doirasida tashkil etilgan B2B uchrashuvlarida ikki mamlakat kompaniyalari vakillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borib, o‘zaro manfaatli takliflarni muhokama qildi. Bunda mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan bir qatorda, malakali mutaxassislar tayyorlash, mahalliy kadrlar salohiyatini oshirish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.
Ta’kidlanganidek, AES loyihasida mahalliy mahsulotlar va xizmatlar ulushini kamida 30 foizga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, Jizzax viloyatining Forish tumanida stansiyani zarur materiallar va uskunalar bilan ta’minlashga xizmat qiladigan maxsus sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu tashabbuslar mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA