Fransiya mamlakatimiz mustaqilligini birinchilardan bo‘lib, 1992 yil 3 yanvarda e’tirof etgan. Davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik munosabat 1992 yil 1 martda o‘rnatilgan bo‘lib, shu yil iyunda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, 1995 yil mart oyida esa O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi faoliyat boshlagan.
Ta’kidlash joizki, 2016 yildan keyin o‘zaro munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga 2018 yil 8-9 oktyabr kunlari amalga oshirgan rasmiy tashrifi aloqalarning yangi davrini boshlab berdi. Parijda o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida hukumatlararo va idoralararo 10 ta hujjat imzolandi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy masalalarga yondashuvi mushtarakligini ta’kidladi. O‘zbekistonning ochiq, yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan siyosati Markaziy Osiyo barqarorligiga xizmat qilayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston – Fransiya: 2016+
Oliy darajadagi muloqot keyingi yillarda yanada faollashdi. 2022 yil 21-22 noyabr kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga yana bir rasmiy tashrifi uyushtirilib, mazkur davlatning Milliy assambleya raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari hamkorligini mustahkamlash masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, Parijda davlatimiz rahbari ushbu mamlakat yetakchi kompaniya va moliya institutlari rahbarlari bilan muzokara o‘tkazdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, “yo‘l xaritalari” ijrosini jadallashtirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga kelishib oldi. O‘zaro munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan 14 ta hujjat qabul qilindi. Jumladan, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasidagi 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda umumiy qiymati 6 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlik loyihalari yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muntazam siyosiy maslahatlashuv yo‘lga qo‘yilgan, parlamentlarda “O‘zbekiston-Fransiya” do‘stlik guruhlari faoliyat yuritmoqda. Tomonlar BMT, YeXHT va Yevropa Ittifoqi doirasida ham faol hamkorlik qilib kelmoqda. Fransiya xalqaro hamjamiyatda O‘zbekistonning ochiqlik siyosati va qo‘shnilar bilan yaqin munosabat o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik
Fransiya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2010 yillar oxiriga kelib o‘zaro savdo aylanmasi yiliga o‘rtacha 200 million yevro atrofida bo‘lib, asosan yirik shartnomalar hisobiga qoplanar edi. Keyingi yillarda iqtisodiy munosabatlar izchil rivojlanib, savdo hajmi, investitsiya sur’ati tezlashdi.
2017-2022 yillar mobaynida tovar ayirboshlash 342,4 million dollarga yetdi. Jarayon 2024 yil yanada jadallashib, 689,8 million dollarni tashkil etdi. Bu 2023 yilga nisbatan 33,3 foiz o‘sishni ko‘rsatadi.
O‘tgan yil birinchi chorakda qayd etilgan 337,1 million dollarlik ikki tomonlama savdo qiymati 2023 yilning mos davriga nisbatan 63 foiz ko‘p. O‘zbekistonning Fransiyaga eksporti 2024 yil yanvar-iyul oylarida 480,3 million dollarga yetdi. Bu natija avvalgi yilga nisbatan ikki barobar yuqori.
Bugungi kunda diyorimizda fransuz sarmoyasi asosida faoliyat yuritayotgan 50 korxonaning 17 tasi to‘liqxorij kapitali hisobidan shakllantirilgan. Qo‘shma loyihalarning umumiy qiymati 5 milliard yevrodan oshgan. Ayniqsa Veolia, Suez, EDF, Total Eren, Voltalia, Orano, Airbus kabi hamkorlarimiz barqaror faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mazkur kompaniyalar geologiya-qidiruv, energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtosanoat, kommunal xizmat, turizm sohalarida yirik loyihalar amalga oshirmoqda. Samarqand viloyatida “Total Eren” ko‘magida quyosh elektr stansiyasi muvaffaqiyatli ishga tushirildi, Navoiy viloyatida Orano kompaniyasi bilan uran qazib olish bo‘yicha ish olib borilyapti, Sirdaryo viloyatida EDF ishtirokida 1600 MVt quvvatga ega zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Suez Toshkent va Surxondaryoda ichimlik suvi ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, Veolia esa Toshkent shahri issiqlik xo‘jaligini rivojlantirish uchun uzoq muddatli sherik sifatida tanlangan. Islohotlarimiz savdo aloqasi tez sur’atda o‘sishiga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yetti yil ichida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qariyb 5 karra oshib, 1,13 milliard dollarga yetgani e’tiborga molik. Shu bilan birga, respublikamizda farang korxonalari qariyb 4 barobar ko‘paydi. Bu raqamlar munosabatlarimiz tobora mustahkamlanayotgani va o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqboli yuqori ekanini ko‘rsatadi.
2023 yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan qo‘shma biznes-forum Fransiya tadbirkorlarining mamlakatimizga qiziqishi ortganini yaqqol tasdiqladi. Fransiya tadbirkorlar harakati – MEDEF International bilan birgalikda tashkil etilgan,ushbu davlatning 35 dan ziyod kompaniya va banki vakillari ishtirok etgan tadbirda qator yangi investitsiya loyihalari muhokama qilinib, hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Fransiya Taraqqiyot agentligi (AFD) bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda. 2018 yil poytaxtimizda mazkur tuzilma vakolatxonasi ochilib, infratizim loyihalarini moliyalashtirish uchun qariyb 1 milliard yevrolik dastur imzolangan edi.
2022 yil 21 noyabrda O‘zbekiston Hukumati va AFD o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, energetika, “yashil” iqtisodiyot, shaharlarni rivojlantirish, suv ta’minoti, bank-moliya va transport sohalarida aniq loyihalar amalga oshirishni nazarda tutadigan, umumiy qiymati 1 milliard yevrodan oshadigan 2025 yilgacha strategik hamkorlik dasturini imzolash marosimi bo‘lib o‘tgan.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi – O‘zbekiston hamkorlik kelishuvi doirasida Fransiya bilan eng qulay sharoit (MFN) rejimi joriy qilingani ikki tomonlama savdoni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Madaniy-gumanitar hamkorlik va ta’lim almashinuvi
Madaniy-gumanitar hamkorlik O‘zbekiston – Fransiya munosabatining ajralmas qismidir. Ayni yo‘nalish o‘zaro manfaatdorlik va faollik bilan tavsiflanadi. So‘nggi yillarda madaniyat, san’at, ta’lim va fan sohalarida keng qamrovli loyihalar amalga oshirilmoqda.
2022 yil 22 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emmanuel Makron Parijdagi Luvr muzeyida “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” nomli ko‘rgazmani tantanali ravishda ochdi. O‘zbekistonning boy madaniy merosiga bag‘ishlangan mazkur ko‘rgazmani tayyorlashga bir necha yil puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Jumladan, qo‘shma o‘zbek-fransuz arxeologik ekspeditsiyalari tuzilishi natijasida qator nodir topilmalar kashf etildi. Ikki mamlakat mutaxassislari tomonidan tarixiy artefaktlarni restavratsiya qilish ishlari olib borildi. Ko‘rgazma ekspozitsiyasiga O‘zbekistonning 16 muzeyidan 138 noyob ashyo, jumladan 70 ta maxsus qayta tiklangan eksponat hamda Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH muzeylaridan 31 ta ashyo kiritildi. Xuddi shu kunlari Parijdagi Arab dunyosi institutida “Samarqandga yo‘l: Ipak va oltin mo‘’jizalari” nomli ko‘rgazma ochilib, uch oydan ortiq vaqt davomida namoyish etildi. Mazkur tadbirlar Fransiya aholisi va mehmonlariga O‘zbekistonning noyob tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Fransiyada o‘zbek xalqi tarixi va madaniyatiga qiziqish an’anaviy ravishda yuqori. 1988 yil Parijda tashkil etilgan Temuriylar davri san’ati va tarixi tadqiqoti assotsiatsiyasi hamda “Avitsenna-Fransiya” kabi jamiyatlar buning yorqin namunasidir. Shuningdek, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda Samarqand va Lion, Buxoro va Ryuey-Malmezon shaharlari qardoshlik rishtasi bilan bog‘langan. Buxoro va Parij yaqinidagi Ryuey-Malmezon do‘stligiga 1999 yil asos solingan bo‘lib, 2019 yil Ryuey-Malmezon shahri markaziy bog‘ida “O‘zbekiston bog‘i” barpo etildi va shu manzilda mashhur o‘zbek olimlari Abu Ali ibn Sino (Avitsenna) va Mirzo Ulug‘bekka haykal o‘rnatildi. Bunday madaniy almashinuv loyihalari xalqlarimizni yanada jipslashtirishga xizmat qilmoqda.
Hozir mamlakatimizda 3 000 ga yaqin fransuz tili o‘qituvchisi bor. Maktab va oliy o‘quv yurtlarida taxminan 200 ming o‘quvchi va talaba bu tilni o‘rganmoqda. Fransuz tili umumta’lim tizimidagi 700 ga yaqin maktab, 6 ixtisoslashtirilgan maktab-internatda o‘qitiladi. 13 ta universitetda fransuz filologiyasi yoki roman tillari fakulteti mavjud.
2019 yil Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashtirilgan maktabga fransuz tadqiqotchisi, Temuriylar tarixi va san’ati assotsiatsiyasi asoschisi Lyusen Keren nomi berilgani ta’lim sohasidagi hamkorlikning yorqin ramzidir. Toshkentda Fransuz tili va madaniyati markazi – Alliance Française 2015 yildan buyon samarali faoliyat ko‘rsatib, o‘zbek yoshlariga fransuz tili va madaniyatini o‘rganishda ko‘maklashmoqda.
Poytaxtimizdagi Fransiya xalqaro maktabi (litsey)da fransuz va o‘zbek dasturlari asosida ta’lim beriladi. Mamlakatimiz fransuz tili o‘qituvchilari uyushmasi xalqaro fransuz tili o‘qituvchilari federatsiyasi tarkibida tuzilgan bo‘lib, pedagoglar malakasini oshirish va tajriba almashish ishlarini yo‘lga qo‘ygan.
Turizm, arxeologiya, dizayn va moda, energetika, siyosatshunoslik kabi ko‘plab sohalarda qo‘shma ta’lim dasturlari ishlamoqda. Oxirgi yillarda Fransiyaning bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatildi. Jumladan, Parij-Sud universiteti, Parij I Panteon-Sorbonna, Parij II Panteon-Assas, Parij IV Sorbonna, Grenobl, Nitssa Sofiya-Antipolis, Brittani-Janubi universitetlari, “Nasional” Sharq tillari va sivilizatsiyalari instituti(INALCO), Tuluza universiteti, Tuluza Siyosiy tadqiqotlar instituti, Versal Arxitektura oliy maktabi kabi ta’lim dargohlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi va Fransiyaning milliy magistratura maktabi (ENM) o‘rtasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha almashinuv dasturi tuzilgan.
Yurtimizda Fransiyaning nufuzli ta’lim muassasalarini ochish borasida ham tarixiy qadamlar qo‘yildi. 2018 yil oktyabrda Parijda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda Toshkentda Strasburg hamda Parij I Panteon-Sorbonna universitetlari filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. 2019 yil Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Paris International Fashion Academy” – Parij xalqaro moda akademiyasi bilan qo‘shma fakultet ochildi. Buxoro davlat universitetida Fransiyaning Vatel mehmonxona biznesi va turizm bo‘yicha biznes-maktabi filiali ish boshladi. 2021/2022o‘quv yilidan Toshkent transport universitetida Fransiya Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan hamkorlikda fuqaro aviatsiyasi uchuvchilari uchun maxsus fakultet faoliyat yuritmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Fransiya elchixonasi bilan O‘zbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish masalasi muhokama qilingan edi. Yaqin istiqbolda Toshkentda bir necha farang oliy o‘quv yurtlari konsorsium iishtirokida O‘zbekiston-Fransiya ko‘ptarmoqli universitetini tashkil etish bo‘yicha ish olib borilyapti. Bu qadamlar yosh avlodning xalqaro standart bo‘yicha ta’lim olishi uchun sharoit yaratib, ikki davlatni yanada yaqinlashtiruvchi omil bo‘ladi.
Madaniy meros va arxeologiya sohasidagi hamkorlik samarasi ham yaqqol sezilmoqda. Fransuz mutaxassislari O‘zbekistondagi qator tarixiy yodgorliklarni tiklash va tadqiq qilish loyihalarida ishtirok etmoqda. Masalan, Luvr muzeyida namoyish etilgan Afrosiyob devoriy suratlari o‘z joyiga, Afrosiyob muzeyi ekspozitsiyasiga qayta montaj qilindi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar bergan edi. Shu bilan birga qator qo‘shma arxeologik ekspeditsiyalar davomida milliy tariximiz uchun muhim bo‘lgan yangi topilmalar kashf etilib, yuqorida zikr etilganidek, Luvrdagi ko‘rgazmada namoyish etildi.
Kino va san’at sohasidagi hamkorlik ham rivojlanmoqda. 2018 yil may oyida 71-Kann xalqaro kinofestivali doirasida birinchi marta “O‘zbekiston” paviloni ish boshladi. Mazkur milliy stend orqali o‘zbek kinematografiyasi yutuqlari xalqaro kino industriyasi vakillariga namoyish etildi. 2019 yil ham Kann anjumani doirasidagi “Marché du Film” (kinobozor) tadbirida pavilonimiz ochilib, yosh ijodkorlarimiz loyihalari taqdim etildi. Bugungi kunda Milliy kino komissiyasi Kann festivalida ishtirokni an’anaviy yo‘lga qo‘ygani ikki mamlakat madaniy aloqalarini boyitmoqda.
Turizm sohasida Fransiya biz uchun Yevropadagi yetakchi bozorlardan biridir. Faranglar ham Markaziy Osiyoga keluvchi g‘arb sayyohlari orasida faolligi bilan ajralib turadi. 2019 yil O‘zbekiston tomoni mashhur “ÉchappéesBelles” sayohat dasturida ushbu mamlakat salohiyatiga bag‘ishlangan maxsus film suratga olishni tashkil etdi. Mazkur kartina 2020 yil “France5” telekanali orqali efirga uzatilib, 1,3 million tomoshabin to‘pladi. Bu dastur tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Jurnalist Sofi Juviyar boshlovchilik qilgan ushbu hujjatli film Fransiya matbuotida ijobiy baholandi va yurtimizga nisbatan qiziqishni yanada oshirdi. Yana bir muhim voqea: mashhur aktyor Jerar Deparde 2019 yil O‘zbekistonnin Fransiyadagi turizm elchisi (brend-ambassador) etib tayinlandi. Deparde “Mening o‘zbekcha tushlarim” nomli filmи orqali o‘lkamizning sayyohlik imkoniyatini targ‘ib qilishga ko‘maklashdi. Madaniyat va turizm sohasidagi ayni tashabbuslar tufayli so‘nggi yillarda Fransiyadan O‘zbekistonga keluvlar soni izchil o‘smoqda.
Xulosa
So‘nggi yillardagi dasturiy islohotlar va faol tashqi siyosat natijasida O‘zbekiston – Fransiya munosabatlari jadal rivojlanmoqda. Hamkorlik sohalari – siyosat, savdo-iqtisodiyot, madaniy-gumanitar va ta’limda aniq natijalarga erishilmoqda. Tomonlar o‘zaro ishonch va manfaatlar mutanosibligiga asoslangan holda izchil muloqotni davom ettirmoqda. 2023 yil kuzda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatdagi yuksalishning mantiqiy davomi sifatida sheriklik yangi yo‘nalishlarda rivojlanishi uchun poydevor yaratdi. Erishilgan strategik kelishuvlar va dasturlarni to‘liq amalga oshirish O‘zbekiston – Fransiya hamkorligini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishi, har ikki xalq manfaatiga xizmat qiladigan yangi yutuqlarni yuzaga chiqarishi shubhasiz.
Abduaziz XIDIROV,
O‘zA muxbiri