O‘zbekiston va Buyuk Britaniya investitsiyaviy sheriklikni mustahkamlamoqda
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari-iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Buyuk Britaniyaning investitsiyalar bo‘yicha davlat vaziri, lord Djeyson Stokvud boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, kapital bozorlarini rivojlantirish, London fond birjasi bilan hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonning xalqaro kapital bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, suveren va korporativ qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish, shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish hamda IPO jarayonlarini davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan birga, tomonlar shaharsozlik, hududiy rivojlanish va master-rejalarni ishlab chiqish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Buyuk Britaniya kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar zamonaviy shaharsozlik yondashuvlarini joriy etish, barqaror infratuzilmani rivojlantirish hamda aholi uchun qulay yashash muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, UKEF bilan hamkorlikni kengaytirish, agentlikning moliyalashtirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish, qo‘shma loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish jarayonlarini jadallashtirish amaliy ahamiyatga ega. Bundan tashqari, “Standard Chartered Bank” bilan hamkorlik doirasida xalqaro kapital bozorlariga chiqish, suveren obligatsiyalar joylashtirish, kapital bozoriga oid qonunchilikni takomillashtirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish yo‘nalishlaridagi hamkorlikni davom ettirish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi investitsiyaviy, moliyaviy va infratuzilmaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, mavjud tashabbuslarni jadallashtirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha amaliy muloqotni muntazam davom ettirishga kelishdi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA