Buyuk Britaniya bilan muhim hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi
Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va Buyuk Britaniyaning “UK Export Finance” tashkilotining bosh ijrochi direktori Tim Rid o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“UK Export Finance” tashkiloti Buyuk Britaniyaning eksport kredit agentligi bo‘lib, Britaniya kompaniyalarining xalqaro miqyosdagi faoliyatini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Tashkilotning asosiy vazifasi – Britaniya tovarlari va xizmatlarini xorijga eksport qiluvchilarga kreditlar, moliyaviy kafolatlar va eksport kreditlarini sug‘urtalash xizmatlarini taqdim etish.

Muloqotda Toshkentda infratuzilma loyihalarini, xususan, qurilish chiqindilarini qayta ishlash zavodi qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar moliyalashtirishning ehtimoliy mexanizmlari, loyiha muddatlari hamda o‘zaro hamkorlikning keyingi bosqichlari yuzasidan fikr almashdi.

Toshkent shahri va “UK Export Finance” o‘rtasida shahar infratuzilmasi, barqaror rivojlanish hamda xalqaro moliyaviy tajribani jalb etish sohalarida kelgusi hamkorlik uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar poytaxtni rivojlantirish va shahar muhiti sifatini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar yuzasidan amaliy muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA