O‘zbekiston Prezidenti Buyuk Britaniya bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni O‘zbekiston – Britaniya iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Buyuk Britaniyaning savdo bo‘yicha davlat vaziri, lord Anas Sarvarni qabul qildi.
Suhbat avvalida lord Sarvar davlatimiz rahbariga Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Byornemning samimiy salomi va maxsus maktubini yetkazdi.
O‘zaro manfaatli sheriklikni, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, barcha darajalardagi almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Xavfsizlik sohasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda. Mamlakatimizda 260 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
London fond birjasida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining ilk IPOsi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Moliya sohasida “Standard Chartered” banki, neft-gaz tarmog‘ida esa “British Petroleum” kompaniyasi faol ish olib bormoqda.

Uchta qo‘shma oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi, Kembrij universiteti bilan hamkorlikda Prezident maktablari ishga tushirildi. Britaniyalik sayyohlar soni ham ortib bormoqda.
Infratuzilmani rivojlantirish, energetika, moliya, geologiya, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda yangi loyihalarni ilgari surish, buni, jumladan, Britaniya eksportni moliyalashtirish agentligi (UKEF) ishtirokida amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Buyuk Britaniya tomoni Toshkent shahrida “ingliz huquqi” tamoyillari asosida ishlaydigan Xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.