O‘zbekiston – Turkiya: ta’lim sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik izchil ravishda rivojlanib bormoqda.
Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilib, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bu kabi hamkorliklar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kuni kecha poytaxtimizda joylashgan Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutiga Turkiyaning Karamanog‘lu Mehmetbey universiteti vakillari tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma konsertlar tashkil etish, xalqaro anjuman va konferensiyalarda birgalikda ishtirokni yo‘lga qo‘yish, malaka oshirish hamda magistratura ta’limi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va istiqboldagi amaliy loyihalarni amalga oshirish uchun muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA