Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar huquqlari qanday ta’minlanmoqda?
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash, mahkumlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz muomalaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Mazkur masala Senatning 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejasi doirasida o‘rganilgan bo‘lib, 26 - 27-oktabr kunlari o‘tkazilgan monitoringda Senat a’zolari, Ombudsman, Jazoni ijro etish departamenti, prokuratura vakillari hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirok etgan.
Qayd etilganidek, Navoiy viloyatidagi 5 ta jazoni ijro etish muassasasida jami 8 ming 204 nafar mahkum saqlanmoqda. Monitoring davomida Navoiy shahridagi 4-son va Qiziltepa tumanidagi 5-son koloniyalar faoliyati bevosita o‘rganildi.

Muhokamada mahkumlarning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, xorijiy tillarni o‘rgatish, kompyuter savodxonligini oshirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalariga, shuningdek, ular saqlanadigan sharoitlar va murojaatlarini hal qilish borasidagi ishlarga e’tibor qaratildi.
Mehnatga layoqatli 7 ming 275 nafar mahkumdan 6 ming 647 nafari mehnatga jalb etilgan bo‘lib, 2026-yilning to‘qqiz oyida ularga 22,9 milliard so‘mdan ortiq ish haqi to‘langan.

Shu bilan birga, jazoni ijro etish muassasalarida qonun ustuvorligini ta’minlash, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, qiynoq va boshqa shafqatsiz muomalaning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish hamda mahkumlarning jamiyatga qayta moslashuviga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlandi.
Majlis yakunida monitoring natijalari va bildirilgan takliflar asosida aniqlangan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA