Deputat nazorati: murojaatdan amaliy natijagacha
Deputatlik faoliyatining asosini saylovchilar manfaatini himoya qilish, ularni qiynayotgan masalalarni tegishli tashkilotlar oldiga olib chiqish va amaliy yechim topilishiga erishishdan iboratdir. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Behzod To‘xtamurodovning hududlarda olib borayotgan o‘rganishlari va deputatlik tashabbuslari bu boradagi amaliy ishlarga misol bo‘la oladi.
Jumladan, Navoiy viloyati Konimex tumanidagi Boymurod mahallasiga qarashli Qo‘shquduq ovuli aholisi uzoq yillardan buyon qumli va notekis yo‘l muammosidan aziyat chekib kelayotgan edi. Ayniqsa, bu holat aholining kundalik qatnovi, chorvachilik bilan bog‘liq yumushlari hamda zarur xizmatlardan foydalanishida qator noqulayliklarni keltirib chiqarardi.
Aholi murojaatlari asosida mazkur masala deputat tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilib, mas’ul tashkilotlar ishtirokida muammoni bartaraf etish choralari muhokama qilindi. Natijada davlat ahamiyatiga ega D-208 – D-191 avtomobil yo‘lining “Boymurod – Qo‘shquduq – Darvoza – Qandibay – Chordara suv ombori” yo‘nalishida ta’mirlash ishlari boshlandi.

Qariyb 200 kilometrlik olis yo‘nalishning 40 yildan buyon ta’mirlanmagani minglab fuqarolarning qatnovida jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgani aholi murojaatlari asosida ko‘tarilgan.
Mazkur tashabbus natijasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan alohida yo‘l xaritasiga ushbu yo‘lning 14 kilometr qismining asosini ta’mirlash va asfaltlash ishlari kiritilib, uni amalga oshirish 2027-yilga rejalashtirilgan edi.
Biroq deputatlik nazorati va mas’ullar bilan olib borilgan amaliy muloqotlar natijasida ishlar belgilangan muddatdan oldin boshlandi. Hozirda yo‘lning 14 kilometrlik qismida ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanib, uning 6 kilometriga asfalt yotqizildi.
Partiya viloyat Kengashi raisi Mansurjon Hamidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Behzod To‘xtamurodov hamda “Adolat” SDP Konimex tuman Kengashi raisi Qudayberdi Janxo‘jayev yo‘l qurilishi va asfaltlash bilan bog‘liq ishlar atroflicha ko‘rib chiqilib, qolgan qismdagi ishlarni 2026-yil noyabr oyi yakuniga qadar to‘liq yakunlash bo‘yicha mas’ullar bilan kelishib olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri