O‘zbekiston-Turkiya: ko‘mir konlarini o‘zlashtirishda hamkorlik mustahkamlanadi
Tog‘-kon sanoati mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib, uni rivojlantirishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yer osti boyliklarini samarali o‘zlashtirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu bois xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli konlarni aniqlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan tashabbuslar izchil davom etmoqda.
Shu yo‘nalishda 2026-yil Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyati Turkiyaning "Cengiz Holding" kompaniyasining O‘zbekistondagi mintaqaviy rahbari, "CENERGO" MCHJ bosh direktori Janer Karabay bilan muloqot o‘tkazdi.
Unda tomonlar mamlakatimizning mineral-xomashyo salohiyatini ro‘yobga chiqarish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Muzokaralarda mamlakat hududlaridagi istiqbolli maydonlarni geologik jihatdan o‘rganish, ularni o‘zlashtirishga tayyorlash, shuningdek, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida joylashgan ko‘mir konlarini qidirish hamda qazib olish borasidagi hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishlarda xorijiy investorlarning ishtirokini kengaytirish yangi loyihalarni rivojlantirish uchun muhim imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Uchrashuv davomida investorlarga sohadagi huquqiy asoslar va mavjud imkoniyatlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, yangi tahrirdagi "Yer qa’ridan foydalanish to‘g‘risida"gi qonun talablari, tadbirkorlar va investorlar uchun belgilangan shartlar, shuningdek, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini elektron "e-auksion" orqali olish tartibi tushuntirildi. Bunda jarayonlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlar alohida ta’kidlandi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, bunday uchrashuvlar tog‘-kon sanoatida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, investitsiyaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatning tabiiy resurslaridan samarali foydalanishda muhim ahamiyatga ega.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA