O‘zbekiston-Turkiya: Tog‘-kon sohasida investitsiyaviy hamkorlik kengaytiriladi
Mamlakatimizda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida mineral-xomashyo bazasini kengaytirish, istiqbolli konlarni o‘zlashtirish va foydali qazilmalarni qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov Turkiyaning “Nakkaş Holding” kompaniyasi bosh direktori Mehmet Ali Islamog‘lu boshchiligidagi delegatsiya bilan o‘tkazgan uchrashuvida mazkur masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonning tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Ta’kidlash kerakki, “Nakkaş Holding” 2023-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 20 dan ortiq kompaniyani birlashtiradi. Xolding neft va neftni qayta ishlash mahsulotlari, qayta tiklanuvchi energetika, sanoat, xizmatlar hamda konchilik yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Kompaniyaning konchilik sohasidagi faoliyati “Nakkaş Madencilik” tuzilmasi asosida amalga oshiriladi.
Muloqotda “Nakkaş Holding”ning istiqbolli hududlarni o‘zlashtirish jarayonlaridagi ishtiroki, mineral resurslar bazasini kengaytirish va yangi ishlab chiqarish ob’ektlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida texnogen chiqindilar va ag‘darmalarni qayta ishlash bo‘yicha loyihalarda kompaniya ishtirokini ta’minlash imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA