O‘zbekiston – Tojikiston: Ikki xalqni bog‘lagan ma’naviy ko‘prik
Bugungi kunda Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan ijobiy integratsiya jarayonida madaniy-gumanitar hamkorlik alohida o‘rin tutadi, chunki aynan madaniyat, ma’naviyat va insonlar o‘rtasidagi ruhiy yaqinlik davlatlararo munosabatlarning eng mustahkam, uzoq muddatli poydevorini yaratadi. Shu ma’noda O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki chuqur sivilizatsion yaqinlikka tayangan holda rivojlanayotgani ahamiyatli.
Tahliliy tadqiqotlar markazi xodimi Salima G‘ulomova ta’kidlashicha, davlatlarimiz yetakchilarining qat’iy, izchil sa’y-harakatlari natijasida so‘nggi yillarda ikki mamlakat aloqalari jadal rivojlanib, strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Bu jarayon madaniy-gumanitar hamkorlikni ham yangi mazmun bilan boyitib, amaliy natijaga yo‘naltirilgan bosqichga olib chiqdi.
Ma’lumki, o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi munosabat chuqur tarixiy ildizlarga ega. Ya’ni, Markaziy Osiyoda davlatchilik shakllana boshlagan davrlardanoq o‘zaro madaniy-ma’rifiy, iqtisodiy, diplomatik aloqa uzviy rivojlangan. Umumiy tarix, mushtarak madaniyat va ma’naviy qadriyatlar, yaxshi qo‘shnichilikning ko‘p asrlik an’analari munosabatlar barqarorligini ta’minlab kelmoqda.
Ayniqsa, bugungi kunda madaniy diplomatiyaning ahamiyati tobora ortmoqda. Davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashda madaniy tadbirlar, ijodiy almashinuv va oddiy odamlar o‘rtasidagi muloqot muhim o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” doirasidagi tadbirlar ikki xalq birodarligi va yaqinligini yana bir bor namoyon etmoqda.
Mazkur tadbirlar doirasida o‘zbek va tojik xalqlari boy madaniy merosini namoyish etishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Navro‘zi olam” nomli uch avlod uchrashuvi, san’at ustalari ishtirokidagi “Do‘stlik kechasi” gala-konserti, tasviriy san’at ko‘rgazmalari hamda teatr jamoalari sahna asarlari namoyishi madaniy yaqinlikni yanada mustahkamlaydi. Bunday tadbirlar nafaqat madaniy merosni targ‘ib etadi, balki o‘zaro anglashuv va ishonchni kuchaytiradi.
Bu jarayonda ilmiy jihatdan qator muhim jihatlarga e’tibor qaratish joiz. Birinchidan, Tojikiston Respublikasining rasmiy nashri – “Jumhuriyat” gazetasida chop etilgan “O‘zbekiston – Tojikiston: ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash yo‘lidagi qat’iy iroda” nomli maqolada ilgari surilgan g‘oyalar yoshlar uchun muhim ahamiyatga ega. Zero, muallif ikki xalqni bog‘lab turgan tarixiy, madaniy va iqtisodiy rishtalarni chuqur tahlil qilgan. Xususan, 2024-yil 18-aprelda ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolangan ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma siyosiy muloqotni kengaytirish, gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish va yoshlar o‘rtasida ijodiy aloqalarni rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlangan. Shu bilan birga maqolada 2025-yil Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari tomonidan uch davlat chegaralari tutash nuqtasi bo‘yicha delimitatsiya to‘g‘risidagi kelishuv imzolangani haqidagi ma’lumot ham keltirilgan. Hujjat Farg‘ona vodiysidagi ko‘p yillik muammolarni hal etish yo‘lida muhim qadam o‘laroq baholangan. Bunday siyosiy yechimlar, o‘z navbatida, madaniy-gumanitar hamkorlik uchun barqaror va ishonchli muhit yaratadi.
Ikkinchidan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari ishtirokida O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida tashkil etilgan tojik rassomlari asarlari ko‘rgazmasi ham o‘zaro madaniy yaqinlikning amaliy ifodasidir. Mazkur ko‘rgazma nafaqat ikki xalq san’at maktablari uyg‘unligini namoyon etadi, balki yoshlar o‘rtasida ijodiy muloqotni kuchaytirishga ham xizmat qiladi. Umuman, madaniy tashabbuslar yosh avlodning dunyoqarashini kengaytirish, estetik tafakkurini rivojlantirish va kasbiy shakllanishiga ko‘maklashish vositasidir. Shu ma’noda madaniy almashinuv nafaqat ma’naviy yaqinlikni ta’minlaydi, balki intellektual taraqqiyot uchun ham mustahkam zamin yaratadi.
Zamonaviy globallashuv sharoitida madaniyat faqat ma’naviy qadriyat emas, balki yoshlar uchun raqobatbardosh intellektual va ijodiy resurs sifatida ham namoyon bo‘lmoqda. Bugungi axborot makonida g‘oya, madaniy mahsulot va ijodiy industriya davlat imijini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik nafaqat ichki ijtimoiy barqarorlik, balki xalqaro maydonda madaniy ta’sirni kuchaytirishga ham xizmat qilmoqda.
O‘z navbatida, madaniy aloqalarning institutsional asosi ham mustahkamlanmoqda. Ta’lim, ilm-fan va ijod sohalarida yangi loyihalar izchil ilgari surilyapti. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqot va konferensiyalar o‘tkazilishi yoshlar ni hamjihatlikka undamoqda.
Uchinchidan, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan tojik millatiga mansub aholining ona tili, madaniyati, urf-odat va an’analarini asrash hamda rivojlantirishga qaratilgan siyosat ham alohida e’tiborga loyiq. Qariyb 1,6 million nafar tojik millati vakillarining huquqi va manfaatini ta’minlash, ularning milliy o‘zligini saqlash uchun yaratilgan sharoitlar O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik siyosati izchil amalga oshirilayotganidan dalolat.
Bu jarayon madaniy-gumanitar hamkorlikni ichki ijtimoiy barqarorlik bilan uyg‘unlashtirishning samarali modeli sifatida namoyon bo‘lmoqda. Zero, bir mamlakat ichidagi madaniy xilma-xillikni asrash va qo‘llab-quvvatlash qo‘shni davlatlar bilan munosabatni mustahkamlashda ham muhim omil hisoblanadi. Jumladan, 2025-yil O‘zbekiston delegatsiyasining Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Navro‘z yoshlar festivalida ishtirok etishi, shuningdek Alisher Navoiy nomli Davlat akademik katta teatri jamoasining Sadriddin Ayniy nomidagi teatr sahnasidagi chiqishlari madaniy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini isbotlaydi.
Ayniqsa, Samarqand va Dushanbe shaharlarida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga haykal o‘rnatilgani ikki xalqni bog‘lab turgan tarixiy va ma’naviy rishtaning ramziy ifodasi sifatida alohida ahamiyatga ega. Bu kabi madaniy ramzlar yosh avlod uchun umumiy sivilizatsion merosni anglash va qadrlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga madaniy-gumanitar aloqalarning kelgusidagi rivoji raqamli texnologiya, kreativ industriya va media platformalar orqali yanada kengayishi kutilyapti. Qo‘shma kino loyihalari, raqamli madaniy arxivlar, onlayn ta’lim platformalari va virtual ko‘rgazmalar ayni yo‘nalishda yangi imkoniyatlar ochadi.
Xulosa qilib aytganda O‘zbekiston va Tojikiston madaniy-gumanitar hamkorligi bugungi kunda davlatlararo munosabatning eng barqaror va ta’sirchan yo‘nalishiga aylandi. Ushbu hamkorlik nafaqat ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy yaqinlikni mustahkamlaydi, balki mavjud aloqalarni zamonaviy mazmun bilan boyitib, kelajak avlodlar uchun mustahkam ma’naviy poydevor yaratadi.
Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi madaniy almashinuv, ta’lim va ijodiy hamkorlik davlatlararo munosabatlarning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlaydigan strategik omildir. Shu ma’noda madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish nafaqat ikki mamlakat, balki butun Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot ta’minlanishning muhim sharti hisoblanadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA