Nafis naqshlarda aks etgan o‘zbek-tojik do‘stligi (+video)
O‘zbekiston – nafaqat sivilizatsiyalar chorrahasi, balki inson qo‘li bilan yaratilgan mo‘’jizalar makonidir. Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab zaminimizda shakllangan ganchkorlik, zardo‘zlik, kandakorlik va zargarlik maktablari asrlar osha mislsiz tarovatini yo‘qotmay kelmoqda.
Boy madaniy merosimiz namunalari orasida kulolchilik alohida o‘rin tutadi. Zero, loyga jon baxsh etmoq shunchaki mehnat emas, balki xalqning aql-zakovati, ijodiy ruhi va shu bilan birga azaliy qadriyatlarimiz moddiy ifodasidir. Har bir naqsh tarixdan so‘zlaydi, turfa ranglar esa o‘tmish va kelajak taqdirini o‘zida mujassamlashtirgan. Shu tariqa kulolchilik nafis buyumda xalq merosini jonli ifodalaydi.
Sharifjon Tursunovning ota-bobolari Tojikistondan yurtimizga ko‘chib kelib, kulolchilikni davom ettirgan. Bu hunar ikkinchi avlod vakili Sharifjonning ham qon-qoniga singib ketgan muqaddas kasb. U yaratgan choynak-piyolalar oddiy ro‘zgor buyumi emas, balki ajdodlar nafasini saqlab turgan yodgorlikdir.
Mana shu ustaxonada oddiy tuproq san’at asariga aylanadi. Ko‘za, lagan yoki choynak nainki kundalik turmushimizga qulaylik baxsh etadi, balki xonadonlarga, qalblarga madaniy ruh, fayz olib kiradi. Sharifjon murakkab naqshlar yordamida sulolaga xos avlodlar tajribasi, o‘tmish va kelajakni uzviy bog‘laydi.
Qahramonimizning har bir kuni yosh avlod uchun o‘ziga xos maktab. Uning mehnati kulolchilikni shunchaki o‘tmish merosi emas, balki zamonaviy dunyoda ham yashay oladigan buyuk qadriyatligini namoyon qiladi.
Ushbu ko‘rsatuvni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lMb0UvAw_uc" title="Nafis naqshlarda aks etgan o‘zbek-tojik do‘stligi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva,
Salim Obidjonov (videomuhandis), O‘zA